Shavkat Mirziyoev 24 dekabr kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"Oliy darajadagi muntazam va samarali muloqotlar tufayli O`zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va ko`p qirrali hamkorlik munosabatlari barcha yo`nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi", — deyiladi xabarda.
Xususan, 2022 yil boshidan tovar ayirboshlash 50 foizga oshdi. Turli yo`nalishlarda, shu jumladan energetika sohasida, avtomobillar ishlab chiqarishni kengaytirish, paxta-to`qimachilik va ipakchilik klasterlarini tashkil etish, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish bo`yicha kooperasiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Istiqbolli loyihalarni qo`llab-quvvatlash uchun qo`shma investisiya fondi tashkil etilmoqda.
Davlat rahbarlari to`g`ridan-to`g`ri savdo shartnomalari va uzoq muddatli investisiya bitimlarining portfelini kengaytirish muhimligini qayd etdilar.
Suhbat davomida shu kunlarda O`zbekiston Respublikasi delegasiyasi hamkorlik loyihalarining amalga oshirilishini tezlashtirish choralarini kelishish uchun Boku shahrida bo`lib turgani alohida ta`kidlandi.
O`zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy, ochiq va do`stona ruhda o`tdi.