"Termiz" xalqaro aeroporti rekonstruksiyadan so`ng 26 dekabr kuni aeroport birinchi reysni qabul qildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar bermoqda.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Toshkent — Termiz yo`nalishi bo`yicha HY-65 reysi, bortida 146 nafar yo`lovchilar bilan, mahalliy vaqt bilan soat 08:15 da Termiz aeroportiga kelib qo`ndi.
55 kunlik tanaffusdan so`ng Termiz xalqaro aeroporti samolyotlarni qabul qilish va jo`natish uchun yana ochildi. Qayta qurish doirasida uzunligi 3000 metr va eni 60 metr bo`lgan yangi uchish-qo`nish yo`lagi, yurish yo`laklari va uchta samolyot to`xtash joyi uchun perronni o`z ichiga olgan, yangi 4E toifali aerodrom majmuasi qurildi. Shuningdek, aerodromga zamonaviy CAT-I ICAO yoritish uskunalari tizimi, meteorologik va radionavigasiya qo`nish tizimlari o`rnatildi. Yangi aerodrom majmuasini qurish loyihasi 550 milliard so`mga baholanmoqda. Ayni paytda 377 milliard so`mlik ishlar bajarilgan. Loyihaning yakuniy bosqichi — uchta samolyot turar joyi va ikkinchi yurish yo`lagi 2023 yilning apreligacha yakunlanishi rejalashtirilmoqda.
Termizdagi yangi aerodromning uchish-qo`nish yo`lagi betondan qurilgani e`tiborga molik. Bu Surxondaryo viloyatining issiq iqlimi sharoitida eng yaxshi echim — betondan yasalgan uchish-qo`nish yo`lagi mustahkamroq va chidamliroqdir. Bugungi kunga qadar faqat Navoiy va Termiz aeroportlarida betondan uchish-qo`nish yo`lagi qurilgan.
Eslatib o`tamiz, Termiz aeroporti yangi aerodrom majmuasini foydalanishga topshirishga tayyorgarlik ko`rilayotgani munosabati bilan 1 noyabr kuni yopilgan va parvozlar vaqtincha respublikaning boshqa xalqaro aeroportlariga yo`naltirilib kelingan edi. Aeroport terminali ham rekonstruksiya qilinib, 2019 yilda foydalanishga topshirilgan.






