Senatning o`ttiz oltinchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o`rtasida mahkumlarni topshirish to`g`risidagi bitimni ratifikasiya qilish haqida”gi Qonuni ko`rib chiqildi.
Mazkur xalqaro bitimni ratifikasiya qilish haqidagi Qonun O`zbekiston va Turkiya fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni o`z mamlakatida o`tash uchun huquqiy asos va imkoniyat yaratadi.
Ushbu huquqiy hujjatga ko`ra mahkumlar qonunda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq kelishayotgan tomonlarning murojaatlari asosida beriladi.
Muhokama chog`ida senatorlar mahkumlarning jazoni o`z yurtida va jamiyatida o`tashi ularga yaqinlari bilan muntazam ko`rishib turish imkonini berishini, bu esa oilaviy munosabatlarga ijobiy ta`sir ko`rsatishini, shuningdek, mahkumlarning jamiyat ijtimoiy hayotiga moslashishiga yordam berishini alohida ta`kidladi.
Shubhasiz, Qonun qabul qilinishi fuqarolarning huquq va manfaatlarini yanada samaraliroq himoya qilish imkonini beradi, respublikaning xalqaro maydondagi ijobiy nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma`lumki, Bitim 2022 yil 30 mart kuni Turkiya Respublikasi Prezidentining O`zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan edi.
Muhokama yakuni bo`yicha senatorlar Bitimni ratifikasiya qilish haqidagi Qonunni ma`qulladi.






