Qoraqalpog`iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan alkogol mahsulotlarini qo`lbola usulda yashirin ishlab chiqarish bilan shug`ullanayotgan “sexlar” faoliyatiga chek qo`yildi.
Boshqarma tomonidan tuzilgan “Alkogol mahsulotlarini yashirin ishlab chiqarish va noqonuniy ravishda saqlash bilan shug`ullanuvchi shaxslar faoliyatiga chek qo`yish” bo`yicha tuzilgan tezkor ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi Xo`jayli tumanida tezkor tadbir o`tkazildi.
Natijada, Xo`jayli tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning yashash manzili belgilangan tartibda ko`zdan kechirilganida, ushbu xonadon “Yashirin sex” sifatida foydalanib kelinayotganligi aniqlanib, undan qiymati 69 786 400 so`mlik 697 litr spirt, 12 000 dona qalbaki aksiz markalari, 1234 dona “Qaratau” alkogol mahsuloti etiketkasi, 17 000 dona kapsula, 7760 dona bo`sh shishalar hamda qo`l bola usulda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalanadigan asbob va anjomlar ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Qo`lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlarining noqonuniy ravishda aylanmada bo`lishi bilan bog`liq navbatdagi holat ham boshqarmaning kontrabandaga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidanhamda QR IIV va “Nokis Vino zavodi” AJ xodimlari bilan hamkorlikda Kegeyli tumanida fosh etildi.
O`tkazilgan tezkor tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan “Orlando” rusumli avtotransport vositasida fuqaro har biri 0,5 litrdan bo`lgan 600 shisha jami 300 litr “Qaratau” nomli alkogol mahsulotini “shartli xaridorga” jami 11 500 000 so`mga sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan to`xtatib qolindi.
Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






