27 dekabr kuni ilk o`ziyurar avtobus Sejondagi avtobus stansiyasi yonidan o`tdi.
Janubiy Koreyada birinchi haydovchisiz yo`lovchi avtobuslari yo`nalishga qo`yildi. The Korea Times yozishicha, bu avtobuslar 22,4 kilometrli yo`nalishda harakatlanadi.
O`ziyurar avtobuslar Sejon shaharlararo avtovokzalini Chxonju shahridagi Oson stansiyasi bilan bog`laydi. Ular qatorida oddiy (haydovchili) avtobuslar qatnashda davom etadi.
Haydovchisiz avtobuslarga maxsus yo`nalish raqamlari berildi. Hozircha ikkita avtobus sinovdan o`tyapti. Ehtiyot yuzasidan bu avtobuslarga bir haydovchi va xavfsizlik xizmati xodimi biriktirilgan. O`ziyurarlar dushanbadan jumagacha, tushdan soat 16:00 ga qadar kuniga oltitadan reysni amalga oshiradi, sakkizta bekatda to`xtab o`tadi.
O`ziyurarlardan foydalanish hozircha bepul. Ularga chiqish uchun QR-kod yordamida tegishli manzilga murojaat qilinsa bas. Uch oylik sinov tugagach, yo`l haqi belgilanadi: narxi oddiy avtobuslarniki bilan bir xil.
Chxonju shahri ma`muriyati 2025 yildan jamoat transportini to`liq o`ziyurar qilmoqchi. Yo`llar muqobil jamoat transportidan tashqari, xususiy transport vositalari uchun ham moslashtiriladi.