1

«Sevishimni bilmay ketgan jufti halolim»

Mutolaa 19.09.2016, 17:11
Teglar: Muhabbat, Yuragimda saqlaganlarim, Oila, Er-xotin
«Sevishimni bilmay ketgan jufti halolim»

Ishxonamdan zo`rg`a chiqdim, uyga borishni hech ham istamasdim. Mashinam avtoulovlar to`xtash joyida turganiga qaramay yo`lning narigi betidagi xiyobonga yo`l oldim. Favvoralardan otilib turgan o`ynoqi suv tomchilarini kuzatib, ko`nglim biroz taskin topgandek bo`ldi. Oxirgi paytlarda ko`nglim tor bo`lib qolganini o`zim ham sezyapman, lekin nima qilay?.. Hammasi mana shu qurmag`ur ko`ngilni deb bo`lyapti-da! Bunday yurishim bilan ish bitmasligini tushunganim uchun ham sekin ortimga qaytdim. Uyga kirib borganimda xotinim dasturxon tuzab, meni kutib o`tirgan ekan. Turmush qurganimizga o`n etti yil to`lgan bo`lsa hamki, Nargiza hanuzgacha ishdan qaytishimga xuddi bir marosimdek qarashini yo`qotmagan. Lekin bular menga allaqachondan beri yoqmasligini yashirishga zo`rg`a kuch topaman...

Chiroyli tuzatilgan dasturxon boshiga kelib o`tirarkanman, choy quyib uzatishga chog`lanayotgan xotinimning qo`lidan sekingina ushladim. Imkon qadar bosiq ovozda gapirishga harakat qilib, jiddiy suhbatlashmasak bo`lmasligini tushuntirdim. U indamaygina boshini xam qildi. Bu holatidan vijdonim battar qiynalayotganini qani edi tushunsa! Lekin xayolimni ikki oydan buyon band etgan fikrni aytmasam bo`lmasdi, asabiylasha boshladim.

—  Ajrashmasak bo`lmaydi!

—  Nima uchun? — uning aytgan gapi shu bo`ldi, xolos. Men javob berishdan qochib, o`rnimdan turdim. O`sha kuni ikkimizdan boshqa sado chiqmadi.

O`tgan yillarga nazar solsam, Nargizaning biron yomon ish qilgani yoki menga qarshi bosh ko`targanini eslolmayman. Ota-onamni, opa-ukalarimni hurmat qiladi. Boshqa kelinlarda bitta qaynona bo`lsa, mening xotinim ikki qaynonali kelin edi.

—  Ilyos mening katta nabiram, sening esa hali yana uchta o`g`ling bor. Kuyovim bilan maslahatlashib ko`r, katta kelining mening xizmatimni qilsa degandim.

—  Aya, meniki-seniki deganingiz nimasi? Siz katta buvi bo`lib, uyimizning to`rida o`tirasiz. Siz bilan mening xizmatimni qilmasa qandoq kelin bo`ldi u?!

Momom baribir o`z aytganida qat`iy turib oldi. To`yimdan avval yotib qolganlari esa vaziyatni ular tomonga hal etdi. Biz yangi kelin-kuyov buvim bilan birga yashaydigan bo`ldik. Nargiza og`rinmay buvimning ham, onamning ham ko`nglidan joy olishga harakat qilar, ikkita uydagi bir juft qaynonalaridan ortmay qolardi. Men bechoraga esa surunkali charchoqda yuradigan xotin nasib etgandi. To`g`ri, u pazanda, qo`li gul, orasta, biroq... Erkak kishiga bularning unchalik ham ahamiyati bo`lmasligini u o`z vaqtida tushunib etmadi. Hamma narsaga boshini egib ketaveradi. Ba`zida atayin begona ayollar bilan telefonda gaplashardim, zora meni rashk qilsa deb, u esa jim... Ishdan atayin kech qaytardim, u yana jim. Hamma qiliqlarimga sukut bilan javob berardi. Birovga churq ham etmas, ota-onasinikiga ham ketib qolmasdi. Ayolimning qalbini junbushga keltirishga bo`lgan urinishlarim, barcha harakatlarim samarasizligini anglaganimdan so`ng men ham befarq erga aylandim.

—  Tabriklaymiz! Ota bo`ldingiz! O`g`il! — doyaning aytgan bu so`zlaridan ettinchi osmonga uchdim. Axir, qaysi erkak ota bo`lishni, ayniqsa, to`ng`ich farzandi o`g`il tug`ilishini istamaydi deysiz.

Biroq shifokorlarning ikki kundan so`ng aytgan gaplari meni butunlay karaxt ahvolga solib qo`ydi:

—  Rafiqangizning homiladorlik davri og`ir o`tgan, tug`ruqdan so`ng ko`p qon yo`qotdi. Afsuski, bachadonni olib tashlashga majburmiz. Amaliyotni bajarmasak, ayolingizning ahvoli o`nglanmay qolishi mumkin, rozimisiz?

Hayot-mamot masalasini ota-onam hal etishdi. «Nargiza tirik qolsa, bas! Asosiysi, bag`ringizda bitta bo`lsa ham farzandingiz bor. Endi ikkovini ham asrab-avaylaysan!» O`shanda bu men uchun katta vazifa ekanini anglamabman.

Idoramizga to`rt yil avval ishga kirgan Matluba bilan til topishishga unchalik ham qiynalmadim. Men xushomadlarni o`z o`rniga qo`yadigan erkak bo`lsam, u munosib javob qaytarishni, nozu karashma qilishni biladigan ayol edi. Oilasidan befarzandligi sabab ajrashgan, o`zini butunlay ishga bag`ishlashgandi. Yuragim Matlubaga tegishli bo`lib qoldi. To`g`risi, xotinimga qiyo boqishni ham istamasligimni tushunardim. Oilam shunchaki majburiyat sifatida qaray boshlaganimdan o`zimning ham vijdonim ba`zida qiynalardi. Xotinimga esa faqat rahmim kelardi.

Ertasi kuni ishdan imkon qadar kech qaytdim, Nargiza dasturxon bezatib qo`yib, o`g`limiz bilan birga o`tirgan ekan. Ikkovi bilan ham hol-ahvol so`rashgandek bo`lib, kechki ovqatni emay yotoqxonaga kirib ketdim. Juda charchagandim, bugun Matluba bilan vaqtimiz chog` o`tganii o`ylab, uyquga yotdim.

Tongda ko`zimni ochishim bilan xotinim yonimda menga tikilib o`tirganini ko`rdim. O`sha vaqtda u ajrashish uchun o`z shartlari borligini aytdi. Mendan hech narsa istamasligini, faqatgina ajrashishimizni bir oy ortga surishimizni so`radi. Buning sababini ham oddiygina qilib tushuntirdi: yakka-yu yagona o`g`limiz bu yil maktabni bitiradi, kollejga o`qishga kirishi kerak. Bitiruv imtihonlariga o`n kun qolgan bo`lsa, kirish imtihonlariga ham uncha ko`p vaqt qolmagan. Farzandimiz bizning ajrashuv mojarolarimizga aralashmasligi va fikri bo`linmasligini istaydi. Mana shu bir oy davomida imkon qadar yaxshi yashashga harakat qilishimiz kerakligi, har kuni ishga ketishim va uyga qaytishimda o`g`limizning ko`z o`ngida yuzidan bo`sa olishim kabi shartlarni qo`ydi. Uning qaroriga hech jahlim chiqmadi, balki ajrimning bir oyga ortga surilishi menga ham qulay edi. Faqatgina so`nggi shartini eshitib, Nargizaning es-hushi joyidamikan, deb o`ylab qoldim. Nima bo`lganida ham, asosiysi, ajrashishga rozi bo`lganiga shukur qildim.

«Nega ajrashyapsanlar?» — deb aytadiganlar ko`p bo`lishi mumkin, lekin «Men uchun oilangdan ajrama!» degan gaplar kor qilmasligini hamma ham yaxshi tushunadi. Bu tomondan ko`nglim xotirjam. Yashayotgan uyimizni ham o`g`limning nomiga xatlab ketaman. Insofsiz ota degan nom olishni istamayman. Bir yil avval Matlubaning nomiga ikki xonali uy sotib olgandim, hozircha o`shanda yashab turamiz, keyinchalik esa bir gap bo`lar...

Nargiza bilan anchadan buyon yaqin emasdik, shuning uchun bo`lsa kerak, belgilangan oyning birinchi kunida uning yuzidan bo`sa olish menga anchagina erish tuyulardi. O`g`limiz xandon otib kulib yubordi. Bundan qanday ahvolga tushganimni tasavvur qilavering. Bora-bora uning ko`zlari bu ishimizga o`rgandimi, bilmadim, «Dada, oyimdan bo`sa olishni unutdingiz!» deydigan bo`ldi. Bir oyning ikki haftasi ham ortda qoldi, yaqinda men ozod qushga aylanaman, ammo o`tgan vaqt ichida oilaviy hayotimiz naqadar sokinligiga amin bo`ldim. Oilamdan ortib, kasbimda ko`pgina yutuqlarga erishishimga shu sokinlik, xotirjamlik sabab emasmikan, degan o`y paydo bo`ldi.

So`nggi kunda Nargizaning yuzidan bo`sa olar ekanman, qimirlashga ham majolim yo`qligini sezdim. O`g`limiz biz bilan xayrlashib, ko`chaga chiqib ketdi. Men esa hamon rafiqamning qarshisida turardim, hayotimizga shunchaki yaqinlik etishmaganiga afsus chekardim. Uning ham ko`zlari mungli, xuddi yuragidagi dardini aytgisi kelayotgandek edi. Indamay ishga jo`nadim. Aniqrog`i, idoraga ham bormadim, xiyobonda sayr qilgim keldi. Qancha vaqt yurganimni bilmayman, oxiri idoraga qarab chopa boshladim. Hovliqib Matlubaning xonasi tomon yurdim, u ham meni kutgandek eshik ostonasida turardi. 

—  Biz ortiq birga bo`lolmaymiz! Xotinim bilan ajrashishni istamayman! — yuzimga tarsaki tushsa ham chidadim, nazarimda, Matluba uyqudan endi uyg`ongandek ahvolda edi.

Uyga shoshardim, Nargiza uchun yo`l-yo`lakay guldasta oldim. Oxirgi marta unga qachon guldasta sovg`a qilganimni eslolmasdim. Eshikni ochib, «Bir umr har tong yuzingdan bo`sa olishga tayyorman!»— deganimda hayron qolsa kerak.

Eshikni taqillatdim, hech kim javob bermadi. Itarib ko`rsam, ochiq ekan. Qiziq, eshigimiz doim qulf turardi. Nargizani yotoqxonadan topdim. U qo`lida bir qog`ozni ushalagancha uxlardi, har holda men shunday deb o`ylagan ekanman. U nafas olmasdi. Men Matluba bilan ovora bo`lgan vaqtda ayolim ko`krak bezi saratoni bilan og`rigan, lekin kurashishga kuchi etmagan ekan...

Nargiza o`zini o`ylamagan bo`lsa-da, umrining so`ngida o`g`limning ko`z o`ngida mehribon er va yaxshi ota bo`lib ko`rinishim uchun menga imkon bergan ekan. Afsuski, men bunday ayolning qadriga eta olmadim.

ORZU yozib oldi

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Er-xotin 5 bosh qo`y o`g`irlab qo`lga tushdi

03.12.2019, 10:59

 Poytaxtimizning Mirobod tumanida yashovchi fuqaro H.N. Toshkent viloyati Ohangaron tumani IIBga ariza bilan murojaat qilib, 29 noyabrga o`tar kechasi o`ziga tegishli «Gulobod» mahalla fuqarolar yig`ini...
O`zbekistonda qancha oila faqat sha`riy nikoh asosida yashagani aniqlandi

14.11.2019, 18:36

 O`zbekistonda FHDYo organlari hokimliklar tasarrufiga o`tkazilgach, faqatgina sha`riy nikoh bilan yashab kelgan 20 ming 350tadan ortiq oila aniqlanib, ularning nikohi qonuniylashtirildi.Bu haqda 13 noyabr kuni oila...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1