Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahrida 17 yoshli kiyim do‘koni sotuvchisi "nasiyaga" ko‘ylak bermagani uchun bir guruh o‘smir yigitlar tomonidan kaltaklanganiga oid xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 30 iyul kuni soat 13:50 larda 2009 yilda tug‘ilgan N.I. va 2010 yilda tug‘ilgan P.M. Andijon shahri “Navbahor” mahallasida Mashrab ko‘chasida joylashgan “Quyov sarpo” nomli kiyim do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlovchi fuqaro 2008 yilda tug‘ilgan M.Q.ning oldiga borgan. Ular sotuvchidan "nasiyaga" ikkita ko‘ylak olib chiqib berishini so‘ragan. Shu vaqtda yigitlar o‘zaro gap tortishib ketgan va oqibatda N.I. va P.M. M.Q.ni haqorat qilib, uni urgan.
M.Q.ga nisbatan shu kunning o‘zida belgilangan tartibda sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Hozirda ushbu holat yuzasidan Andijon shahri bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovgacha qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.