AsosiyJamiyat

⚡️ Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila kayfiyatini iztirob bilan yuragimdan o`tkazayapman — Prezident

'⚡️ Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila kayfiyatini iztirob bilan yuragimdan o`tkazayapman — Prezident'ning rasmi

Avval xabar qilinganidek, ayni paytda Shavkat Mirziyoev rahbarligida qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta`minlash bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar masalasida kengaytirilgan yig`ilish o`tkazilmoqda.  

Davlat rahbari yig`ilishda so`nggi kunlarda poytaxtda yuzaga kelgan "svet" va gaz bilan bog`liq muammo haqida gapirdi.

"Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila, har bir insonning kayfiyatini, hissiyotini chuqur tashvish va iztirob bilan yuragimdan o`tkazayapman", - dedi davlatimiz rahbari.

Yuzaga kelgan vaziyat sohalar hamda hudud rahbarlarining bugungi kungacha qanday ishlaganini yaqqol ko`rsatib qo`ygani ta`kidlandi. Ayniqsa, Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga tayyor emasligi keskin tanqid qilindi.

Poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani natijasida ruxsatsiz qurilgan ob`ektlar soni 250 dan oshib ketgani, qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo`yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, bozorlarda oziq-ovqat muzlab qolmasligi uchun, narx-navo oshib ketmasligi uchun chora ko`rilmayotgani uchun poytaxt mutasaddilariga qat`iy e`tiroz bildirildi.

Shu bois, vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko`rmagani uchun bugun Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo`jaev lavozimidan ozod etildi.

Yunusobod, Mirzo Ulug`bek, Uchtepa tumanlari hokimlari ham lavozimidan ozod etilib, hokim vazifasini bajaruvchisi lavozimiga tushirildi. DXX va Bosh prokuraturaga ularning faoliyatini o`rganish topshirildi.

"Issiqlik elektr stansiyalari" aksiyadorlik jamiyati raisi F.Abduraxmonov lavozimidan ozod etildi.

Toshkent shahar hokimining birinchi o`rinbosari B.Raxmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi, Bosh prokuror o`rinbosari E.Yuldashev shahar prokurori etib tayinlandi.

 

 

    Boshqa yangiliklar