Ukrainada vertolyot qulab tushishi oqibatida mamlakat ichki ishlar vaziri va uning birinchi o`rinbosari hamda vazirlik davlat kotibi halok bo`ldi. Bu haqda RBK yozmoqda.
Kiev viloyatining Brovari shahridagi bolalar bog`chasi yaqinida 18 yanvar, chorshanba kuni ertalab vertolyot qulab tushdi, voqea joyida yong`in chiqdi.
Ukraina Milliy polisiyasi ushbu aviahalokatda Ichki ishlar vaziri Denis Monastirskiy, uning birinchi o`rinbosari Evgeniy Enin va Ichki ishlar vazirligi shtat kotibi Yuriy Lubkovichning halok bo`lganini tasdiqladi.
Hodisa oqibatida jami 18 kishi, jumladan, 2 nafar bola halok bo`lgan. Ulardan 9 nafari vertolyot bortida bo`lgan.
Shuningdek, 26 nafar jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan 10 nafari bolalardir.
Vertolyot turar joy va bog`cha yonida qulagan, hozirda surishtiruv-tergov ishlari olib borilmoqda.






