2023 yil 19 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sin Gan bilan telefon orqali muloqot o`tkazdi.
Suhbat avvalida Baxtiyor Saidov va Sin Gan bir-birlarini TIV rahbari lavozimiga tayinlangani munosabati bilan tabrikladilar.
Ikki davlat rahbarlarining ishonchli muloqoti va birgalikdagi sa`y-harakatlari tufayli bugungi kunda O`zbekiston-Xitoy munosabatlari misli ko`rilmagan yuksak bosqichga ko`tarilib, mustahkam xususiyat kasb etgani va jadal tus olgani qayd etildi. Parlamentlar, hukumatlar, TIV va tegishli vazirliklar o`rtasida faol muloqot olib borilmoqda.
Ikki va ko`p tomonlama shakldagi rejalashtirilgan tadbirlarning jadvali va ularga tayyorgarlikning turli jihatlari ko`rib chiqildi.
Xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo`yicha O`zbekiston va Xitoyning pozisiyalari o`xshashligi ta`kidlandi.
Tomonlarning BMT, ShHT va boshqa tashkilotlar doirasida yaqin munosabatlarni davom ettirishga tayyorligi tasdiqlandi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni jadallashtirish va transport-kommunikasiya sohasidagi loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish bo`yicha takliflar ko`rib chiqildi.
O`zbekiston va Xitoy TIV rahbarlarining telefon orqali muloqoti ochiq, samimiy va do`stona ruhda o`tdi. O`zbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sherikchiligini yanada rivojlantirish maqsadida amaliy aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.






