Prezident Shavkat Mirziyoev 19 sentyabr kuni energiya ta`minotini yaxshilash masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi hamda gidroenergetika tarmog`idagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda energetika tizimini rivojlantirishda barcha manbalardan foydalanilmoqda. Mavjud quvvatlarni mustahkamlash bilan birga quyosh, shamol va gidro elektr inshootlari barpo etilmoqda.
Xususan, so`nggi yillarda gidroenergetika yo`nalishida 500 million dollarlik 27 ta loyiha amalga oshirilib, qo`shimcha 260 megavattli quvvatlar yaratildi. “O`zbekgidroenergo” tizimidagi stansiyalarning umumiy quvvati 2 ming megavattdan oshdi. Bu – yiliga 2 milliard kub metr tabiiy gaz tejalmoqda, degani.
Joriy yilda 197 megavattli 7 ta loyiha va 10 ta mikro gidroelektr stansiya ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Yana 438 megavattli 8 ta istiqbolli loyiha va 50 ta mikro GES qurish bo`yicha ishlar boshlanadi.
Davlatimiz rahbari gidroenergetikada salohiyat yuqoriligini ta`kidlab, quvvatlarni keskin oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Bu borada mikro gidroelektr stansiyalar qurish mumkin bo`lgan 250 ta maydon aniqlangan. Hisob-kitoblarga ko`ra, kelgusida bu inshootlarda yiliga 675 million kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqarib, 200 million kub metr gazni tejash mumkin.
Mikro GESlardan elektr energiyasini yuqori narxlarda sotib olish yo`lga qo`yilgach, sohaga tadbirkorlar qiziqishi ortdi.
Gidroenergetika inshootlari atrofidagi bo`sh maydonlarda shamol va quyoshga moslashgan gibrid stansiyalar qurish bo`yicha topshiriq berildi. U erlarda tayyor infratuzilma borligi hisobiga xarajatlar kam bo`ladi.
Davlatimiz rahbari sohada mahalliylashtirish masalasiga ham to`xtaldi. “Suvsanoatmash” aksiyadorlik jamiyatida mikro GES uskunalari, Toshkent viloyatida gidroagregatlar ishlab chiqarish bo`yicha topshiriq berildi.
Suv omborlarini boshqarishni raqamlashtirish, kadrlar malakasini oshirish masalalariga ham e`tibor qaratildi.
Yig`ilishda aholini energiya bilan barqaror ta`minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Prezidentimiz mavjud barcha zaxiralarni ishga solish, yangi va istiqboldagi loyihalarni muddatidan kechiktirmagan holda amalga oshirish zarurligini ta`kidladi.
Energiya tanqisligi sharoitida kunlik ishlab chiqarishni ko`paytirish, resurslarni adolatli va samarali taqsimlab, joylarga izchil etkazib berish, uzilishlarni tezkor bartaraf etish vazifalari belgilandi.