AsosiyJamiyat

Maktablarda endi 64 xil kasb o`rgatiladi

'Maktablarda endi 64 xil kasb o`rgatiladi'ning rasmi

Bu haqda Prezident Shavat Mirziyoev ishtirokida bo`lib o`tgan maktablarda xorijiy tillar va kasb o`rgatish tizimini rivojlantirish masalalari bo`yicha kengaytirilgan yig`ilishda ma`lum qilindi. 

Qayd etilishicha, maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo`lmasdan kirib kelmoqda. 

Shundan kelib chiqib, endi tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, o`quvchilar maktabning o`zida 64 xil ishchi kasblarga o`rgatilishi ko`zda tutilmoqda.

Shu bois hokimliklarga ushbu tanlab olingan maktablarda kasb-hunar ustaxonalari tashkil etish, ularni jihozlash va zarur ashyolar bilan ta`minlash vazifasi qo`yildi. Bunga yoshlar etakchilari va tadbirkorlar ham jalb etiladi, Yoshlar jamg`armasidan mablag`lar yo`naltiriladi.

– Hozir tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilarni shu masala qiynayapti: bo`sh ish joyi ko`p, oyligi ham yaxshi, lekin o`quvi va ko`nikmasi bor ishchi yo`q. Agar bu tizim to`g`ri tashkil qilinsa, bizdagi demografik o`sish bilan katta natijalarga erishsa bo`ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, o`quvchilarni axborot texnologiyalari va “kreativ industriya” bo`yicha zamonaviy kasblarga o`rgatish muhimligi ta`kidlandi.

 

    Boshqa yangiliklar