1

Tutqunlikdan qutulgan tarixchi

Moziydan sado 21.09.2016, 10:50
Tutqunlikdan qutulgan tarixchi

Yoxud Ibn Arabshohning ayanchli qismati xususida

O`zining ajoyib va sermazmun asarlari bilan Movarounnahr tarixida sezilarlik iz qoldirgan arab muarrixi va adiblaridan biri – XIV asr oxiri XV asrning o`rtalarida yashab ijod etgan Ibn Arabshohdir. 

Asirlikdan adiblikkacha
To`liq ismi Shihabuddin Ahmad ibn Abdulloh ibn Ibrohim bo`lib, melodiy1389 yimlda Damashq shahrida tug`ilgan. Amir Temur 1401 yilda Shom (Suriya)ni zabt etgach, u erdan juda ko`p olimlar, fozillar, me`morlar va kosib-hunarmandlarni Movarounnahrga olib ketadi. 

O`n ikki yoshlaridagi Ibn Arabshoh ham oilasi bilan Samarqandga olib kelinadi. U bu erda kamolga etadi, madrasalarda o`qib, yaxshi bilim oladi, fors va turk tillarini o`rganib, adib va olim bo`lib etishadi. 

Bularning barchasi damashqli asirning Temur davrida zulm-taaddi ostida yashamaganligini, balki sohibqiron hukmdorligi ostida yaratilgan yaxshi imkoniyatlardan bahramand bo`la olganligini ko`rsatib turibdi. 

Ibn Arabshoh keyin Hindiston, Eron, Dashti Qipchoq va Rum mamlakatlarida sayohatda bo`ladi, u erlarning hukmdorlari xizmatida va e`tiborli olimlar, fozillar suhbatida bo`ladi.

Muarrixning bebaho merosi
Ibn Arabshoh bir necha ajoyib asarlar muallifidir. Uning “Mir`ot ul-adab fi-l bayon v-al-maoniy” (“Ma`no va bayonda adabiyot oynasi”), “Jilvat al-amdah al-jamoliya fi-xullatay al-aruz v-al-arabiya” (“Arab tili va aruz libosi bilan bezalgan go`zal madhlar jilvasi”), “Foqihat al-xulafo va muhofiqat az-zurafo” (“Xalifalar ovunchog`i va zariflar ermagi”) va boshqa chuqur ma`no, nozik uslub, o`ynoqi saj` bilan yozilgan asarlari arab va jahon ma`naviy xazinasining noyob durdonalari hisoblanadi. 

Uning nomini olamga mashhur qilgan shoh asarlaridan biri Amir Temur va temuriylar davri hayotiga bag`ishlab yozilgan “Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur” (“Temur tarixida taqdir ajoyibotlari”) hisoblanadi. Mazkur asarda muallif o`zi ta`kidlaganidek “o`zi ko`rib mushohada etgan” voqealar va “o`zgalardan eshitgan” ma`lumotlar asosida Amir Temurning hukmronligi, yurishlari va insoniy sifatlari, xulq-atvori haqida batafsil hikoya qiladi. 

Xususan, mashhur tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy   o`zining “Zafarnoma” asarida Amir Temur Temur siymosiga o`ta ijobiy yondoshadi. Bu tabiiy edi. Chunki, “Zafarnoma” bevosita Sohibqironning ko`rsatmasi bilan yozilgan va unda biryoqlama munosabat bo`lishi tabiiy edi. Ibn Arabshoh esa, o`z asarida Amir Temur va uning faoliyatiga xolisona yondashgan. Biroq, garchi Sohibqiron qo`shinlari tomonidan asir olinib, o`zga yurtga keltirilgan bo`lsa-da, baribir Amir Temurning jangovar va bunyodkorlik salohiyatini qalamga oladi. 

Sohibqironning haqqoniy siyrati
Ibn Arabshoh Amir Temurni azmu qarori qat`iy, qanchalik achchiq bo`lmasin  –  haqiqatni xush ko`rib, adolat yuzasidan ish tutuvchi, chuqur fikr-mulohazali, vazmin, tadbirkor, jasoratli, muruvvatli, oliyhimmat, ulug`vor bir inson sifatida tasvirlaydi. 

Ammo bu tasvirda ham ortiqcha maqtov va madhu mubolag`aga berilmaydi. “Temur tamg`asining naqshi “rosti rusti” bo`lib, “haqgo`y bo`lsang – najot topasan” demakdir, – deb yozadi muarrix. – Temur bexato nishonga uruvchi, fikr-mulohazali, bag`oyat farosatli, mislsiz darajada baxtli-saodatli, ulug`vorligi o`ziga muvofiq, qat`iy azmu qaror bilan so`zlovchi, boshiga kulfat tushganda ham haqgo`y inson edi... Uning lutfi qahri ichiga qorilgan bo`lib, qattiqqo`lligi ezguligiga aralashgan edi”.

Ibn Arabshoh har bir insonda bo`lgani kabi Amir Temur fe`li-atvoridagi bu ikki tomon, qarama-qarshilikni xolis, odilona tasvirlaydi, uning yurt obodligi borasidagi sa`y-harakatlari, ilm-fan, madaniyatga qilgan buyuk homiyligi, ulamoyu fozillarga ko`rsatgan izzat-ikromini aytish bilan bir qatorda uning muruvvati haybati bilan aralash ekanligini keltiradi, 

So`nggi manzil
Ibn Arabshoh o`z davrida va xoziran ham kimlargadir yoqish-yoqmasligidan qat`iy nazar faqat haqiqatga  qarab ish tutgan, madhiyabozligu xushomadgo`ylikdan or qilgan tarixchi edi. 

U umrinig oxirlarida vatanini qumsab, Arabistonga ketdi va Misr sultoni Zohir Chaqmoqning taklifiga muvofiq bir qancha muddat uning saroyida yashadi, saroydagi mahalliy adib va shoirlar  bilan munozara va mushoiralarda ishtirok etdi.

Ibn Arabshoh o`z bilimi, tarix, adabiyot va notiqlik san`atidagi ustunligi bilan ularni hayratda qoldirsa-da, ammo afsuski, hasadgo`ylar ta`qibiga uchradi. 

Ammo hasadgo`ylar ig`vo va fitna qurollarini ishga solib, adib haqida bo`lmag`ur gaplarni to`qib, sultonga etkazadilar. Natijada sulton Ibn Arabshohni hibsga soladi. Begunoh adib besh kun hibsda yotib, og`ir xastalikka uchraydi, zindondan chiqarilgach bir necha kun umr ko`rib, olamdan o`tadi. 

Hasadgo`y chaqimchilar o`z niyatiga etishdi: yana bitta pok niyatli inson, haqgo`y adib jaholat va g`araz qurboni bo`ldi. Ammo Ibn Arabshohdan insoniyatga haqiqat nuriga yo`g`rilgan ajoyib asarlar qoldi.

M.Xudoyqulov tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1