Abdulla Aripov raisligida mamlakatimizda davom etayotgan anomal sovuq havo sharoitida amalga oshirilishi lozim bo`lgan vazifalar muhokamasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda jamoat transporti, kommunal soha va chiqindi tashish maxsus texnikalari, qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonlarning maxsus transport vositalari uchun hozirdan alohida gaz quyish shoxobchalarini biriktirib berishi kerakligi ta`kidlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, 2023 yilda tabiiy gaz qazib olish hajmini 56,3 mlrd kub metrga etkazib (2022 yilda 51,7 mlrd kub metr), o`tgan yilga nisbatan 4,6 mlrd kub metrga oshirish imkoniyati bor.
Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya joriy etish va energiya samaradorligini oshirish hisobiga 1,6 mlrd kub metr gaz iqtisod qilishimiz mumkin.
“O`zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati (Abdullaev) joriy yilda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini 32,8 mlrd kub metrga etkazish uchun qiymati 5,7 trln so`mga teng 744 ta geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirishi zarurligi qayd etildi.
Energetika vazirligi (Axmedxodjaev) joriy yilda tabiiy gaz va elektr energiyasi, ko`mir va mazut importi bilan bog`liq masalalarni qayta ko`rib chiqishi, boshqa muqobil hamkorlar bilan muzokaralar o`tkazishi, kelishuvlarga erishish bo`yicha oldindan barcha zarur tadbirlarni amalga oshirishi shartligi ko`rsatib o`tildi.
Ma`lumot uchun, Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan, 23-27 yanvar kunlari respublikaning aksariyat hududlariga nisbatan sovuq xavo massasi kirib kelishi va buning natijasida havo harorati joylarda kechasi -5...-18 daraja sovushi bashorat qilinmoqda.
Shuning uchun, o`tgan 15 kun davomida amalga oshirilgan tadbirlarni yanada kuchaytirgan holda shtablar faoliyatini davom ettirish topshirildi.






