AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatida ish vaqtida jarohatlangan fuqaroga to`lanishi kerak bo`lgan mablag` to`liq to`lanmagani aniqlandi

'Toshkent viloyatida ish vaqtida jarohatlangan fuqaroga to`lanishi kerak bo`lgan mablag` to`liq to`lanmagani aniqlandi'ning rasmi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakiliga (ombudsmanga) Toshkent viloyati, Bo`stonliq tumanida yashovchi 2-guruh nogironi Q.D. mehnat qobiliyatini yo`qotganligi uchun to`lanishi kerak bo`lgan pul mablag`lari kam miqdorda to`lab kelinayotgani haqida murojaat qildi. Murojaatchining yozishicha, uning ish beruvchiga qilgan murojaatlari e`tiborsiz qoldirib kelinmoqda.

Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, joyiga chiqib o`rganish uchun Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakiliga yuborildi.

Aniqlanishicha, murojaatchi Q.D. 2003 yilning may oyida ishlab chiqarishga bog`liq ravishda tan jarohati olgan. Shundan so`ng, “SANOATTEXMONTAJ” MChJ tomonidan mehnat qobiliyatini yo`qotganligi uchun 90% pul mablag`lari to`lab berilishi belgilangan.

Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida, viloyat Bandlik bosh boshqarmasiga so`rov xati yuborilib, 2-guruh nogironi fuqaro Q.D.ga Jamiyat tomonidan to`lanishi lozim bo`lgan summa grafigi olindi.

Taqdim etilgan hujjatlarga ko`ra, haqiqatdan ham “SANOATTEXMONTAJ” MChJ tomonidan fuqaro Q.D.ga 2021-2022 yillarda Mehnat qobiliyatini yo`qotganligi uchun regress to`lovlaridan salkam 17 mln so`m mablag` kam to`langani aniqlandi.

Shundan so`ng, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) tomonidan fuqaro manfaatida Fuqarolik ishlari bo`yicha Chirchiq tumanlararo sudiga da`vo arizasi kiritildi.

2023 yil 13 yanvardagi sud majlisida, Ombudsman da`vo arizasi to`liq qanoatlantirilib, 2-guruh nogironi fuqaro Q.D.ga kam to`langan summa to`lab berilishi belgilandi.

    Boshqa yangiliklar