AsosiyJamiyat

Jizzaxlik erkak xonadonida bo`ri saqlab kelayotgani aniqlandi

'Jizzaxlik erkak xonadonida bo`ri saqlab kelayotgani aniqlandi'ning rasmi

Tabiat resurslari vazirligi Sirdaryo viloyatida o`tkaziladigan ko`pkari uchun "Zomin" qo`riqxonasidan bo`ri olib kelinishi aytilgan videoga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatida o`tkaziladigan ko`pkari uchun "Zomin" qo`riqxonasidan bo`ri olib kelinishi haqida tarqalgan xabar Jizzax viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ekologik nazorat inspeksiyasining Zomin tumani bo`limi xodimlari tomonidan tezkorlik bilan o`rganilgan.

O`rganish davomida Zomin tumani "Turkman" MFYda yashovchi K.G`. ismli fuqaro o`z xonadonida bo`rini noqonuniy tarzda tutqunlikda saqlab kelayotgani aniqlangan. Bu bilan fuqaro "Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida"gi qonunining qator moddalari talablarini buzgan.

Shundan kelib chiqib, fuqaroga Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 90-moddasi (ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) 1-bandiga asosan BHMning 10 baravari (3 million so`m) miqdorida jarima belgilangan.

"Ayni paytda davlat inspektorlari tomonidan bo`rini tabiat qo`yniga qaytarish choralari ko`rilayapti. Bu haqda qo`shimcha ma`lumot berilishini ma`lum qilamiz", deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar