O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 24 yanvar kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig`ilishi doirasida Toshkent shahrida bo`lib turgan Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuralievni qabul qildi.
Uchrashuv chog`ida O`zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga raisligi doirasidagi ustuvor vazifalar ijrosining borishi ko`rib chiqildi.
Bosh kotib Tashkilot rivojida yangi davrni boshlab bergan tarixiy Samarqand sammiti natijalarini yuksak baholadi.
Savdoni va bojxona tartibotlarini soddalashtirish, Investisiya fondini tashkil etish bo`yicha bitimlar imzolandi.
Samarqand “Turkiy sivilizasiya poytaxti”, deb e`lon qilindi. Ilk bor Alisher Navoiy mukofoti topshirildi.
Bundan tashqari, O`zbekiston Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotining to`laqonli a`zosi bo`ldi.
O`zbekiston tashabbusi bilan 2023 yil “Turkiy sivilizasiyaning yuksalish yili”, deb e`lon qilingani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Raislikning institusional islohotni amalga oshirish “yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni”ni yaratish, transport jihatidan o`zaro bog`liqlikni mustahkamlash va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish kabi ustuvor yo`nalishlariga alohida e`tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Bosh kotib Tashkilot doirasidagi sheriklik salohiyatini amalda ro`yobga chiqarish maqsadida yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.






