O`zbekiston energetika vazirligi va "Gazprom" o`rtasida gaz sohasida imzolangan o`zaro hamkorlik qilish bo`yicha "Yo`l xaritasi" faol jamoatchilik tomonidan turli muhokamalarga sabab bo`ldi.
Muhokamalarda ushbu hujjat bilan “Gazprom” O`zbekistonning gaz transporti tizimini boshqaruvga olsa, unda mamlakatning energetik mustaqilligi, umuman, davlat suvereniteti xavf ostida qolishidan havotirlar mavjud. Bu “yo`l xaritasi”dan maqsad nima, nimalar bu kelishuvda nazarda tutilgan? Va bu O`zbekistonning manfaatlariga qanchalik mos keladi?, degan o`rinli savollar o`rtaga tashlanmoqda. Ushbu savollarga barham berish uchun Energetika vazirligidan imzolangan shartnoma shartlarini ochiqlash talab qilinmoqda.
Muhokamalarga rasmiy javob bergan Energetika vazirligiga ko`ra, “Gazprom” kompaniyasi o`rtasida imzolangan gaz sohasida hamkorlik bo`yicha “Yo`l xaritasi”ning O`zbekiston suverenitetiga hech qanday tahdid.
"Muzokaralarda Rossiyadan O`zbekistonga tabiiy gaz etkazib berishning texnik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Imzolangan “Yo`l xarita”ga muvofiq tomonlar o`rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog`iston va O`zbekiston hududidan o`tuvchi “O`rta Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo`ladigan texnik chora-tadbirlarni va o`rganishni kelishib olindi.
Ishchi guruh texnik jihatdan barcha ishlarni yakunlagandan so`ng, tabiiy gazni etkazib berish bo`yicha asosiy shartlarni muhokama qilinadi.
Shuni alohida ta`kidash lozimki, olib borilgan muzokaralar hamda “Yo`l xaritasi”da O`zbekiston Respublikasining mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to`liq saqlagan holda ichki bozorga tabiiy gaz zarur miqdorlarda etkazib berish maqsad qilingan. Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo`q.
Kelgusida ushbu yo`nalishdagi barcha ishlar O`zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini to`liq himoya qilgan holda amalga oshirilib, natijalari yuzasidan doimiy ravishda jamoatchilikka ma`lum qilib boriladi", - deyiladi bayonotda.






