AsosiyJamiyat

Prezident boshchiligida o`tayotgan videoselektor yig`ilishida kambag`allik darajasi 14 foizga tushgani aytildi

'Prezident boshchiligida o`tayotgan videoselektor yig`ilishida kambag`allik darajasi 14 foizga tushgani aytildi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida o`tayotgan videoselektor yig`ilishida kambag`allikni qisqartirish, aholi bandligini ta`minlash va kichik biznesni qo`llab-quvvatlash bo`yicha 2023 yil uchun rejalar muhokama qilinmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar bermoqda.

Videoselektor yig`ilishida davlatimiz rahbari kambag`allikni qisqartirish milliy siyosat darajasiga olib chiqilganini ta`kidladi.

Natijada o`tgan yilning o`zida kambag`allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushgani, bunda hokim yordamchilari 1 million nafar aholini kasb-hunarga o`qitib, tadbirkorligini boshlashga ko`maklashgani, daromadli ish bilan band qilgani muhim omil bo`lgani qayd etildi.

Shu davrda 200 mingga yaqin tadbirkorlik sub`ekti tashkil qilindi, 10 mingta korxona faoliyati kengaytirildi, 11 mingta korxona quvvati tiklandi.

Bu ishlarni 2023 yilda davom ettirish, bandlikni ta`minlash bo`yicha barcha tarmoq va hudud rahbarlariga aniq topshiriqlar berilgan.

Jumladan, 2023 yilda 5 million nafar aholi bandligini ta`minlash, shu jumladan 2 millionta doimiy ish o`rinlarini yaratish zarurligi ko`rsatib o`tildi.

Misol uchun, Andijon viloyati joriy yilda investisiya loyihalari hisobiga 40 mingta, paxta va g`alladan bo`shagan erlarni aholiga bo`lib berish hisobiga 75 mingta va mavsumiy ishlar orqali 200 mingta, mahallalarda mikromarkazlar tashkil etish, sanoat zonalarida ishlab chiqarishni kengaytirish va markaziy ko`chalarni xizmatlarga ixtisoslashtirish, savdo-servis ob`ektlarini barpo etish hisobidan 135 mingta; oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar hisobidan 20 mingta ish o`rinlari yaratishni reja qilgan.

Yoki, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida kartoshkachilikni yo`lga qo`yib, 10 ming aholini daromadli ish bilan ta`minlash, bog`larning sug`orish tizimini tiklash hisobiga 2 ming, Ko`kdalada tarvuz ekishni yo`lga qo`yib, 32 ming, Mirishkorda dala chetlariga tut ektirish hisobiga pillachilikda qo`shimcha 6 ming aholini daromadli qilishni reja qilgan. 

“Qolgan viloyatlar-chi? Bu borada hududlarning dasturlari bilan birma-bir tanishib chiqdim. Ochiq aytish kerak, ayrim viloyat, tuman va shahar hokimlari masalaning ichiga kirmagan”, - dedi Prezident.

    Boshqa yangiliklar