Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi tomonidan o`tkazilgan o`rganishlar davomida yoqilg`i quyish shoxobchalarida AI-80 markali benzinni AI-91 yoki AI-92 markasi ostida sotish holatlari aniqlangan.
Qo`mita mamlakatimizning turli hududlarida xususiy korxonalarga qarashli 23 ta yonilg`i quyish shoxobchalarida sotilayotgan yonilg`i sifatini aniqlash maqsadida nazorat xaridlari o`tkazgan, shuningdek, belgilangan hajmdan kam hajmlarda benzin mahsulotini quyib berish holatlari ham o`rganildi.
Qonunbuzarliklar Samarqand viloyatidagi «Triada ekspress servis» MChJ, «Turop Godir» MChJ va «Muxammad neft oil» MChJ kabi yonilg`i quyish shoxobchalarida aniqlandi.
Sirdaryo viloyatidagi «SAID AGSM TEX SERVIS», «Bekzod-5», «Murod Maqsad Trans» va «LUX PETROL» MChJlarga qarashli yonilg`i quyish va boshqa shu kabi shoxobchalarda ham shunday holatlar kuzatilgan.
Yonilg`i quyish shoxobchalari faoliyatini o`rganish natijalariga ko`ra, benzinni noto`g`ri sotish, shuningdek,iste`molchilarga to`liq hajmlarda quyib bermaslik natijasida etkazilgan zarar miqdori qariyb 489 million so`mni tashkil etdi.
Ayni paytda Qo`mita tomonidan iste`molchilarga etkazilgan zararni qoplash va qayta hisob-kitob qilish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Qo`mita tomonidan birja auksionlarida xarid qilingan va yonilg`i quyish shoxobchalari orqali sotilayotgan AI-80 markali benzin sotilishini tizimli o`rganib chiqilayotganini ham ma`lum qilingan.
Shu tariqa, yil boshidan buyon birja savdolari orqali o`rtacha 20 tonna, jami 5,2 ming tonna neft mahsulotlari xarid qilinganiga qaramay, 241 ta yonilg`i quyish shoxobchalarida iste`molchilarga benzin sotilmagani aniqlandi, ya`ni sun`iy ajiotaj holati vujudga keltirilmoqda.
O`rganishlar natijalari bo`yicha materiallar zarur choralar ko`rilishi uchun Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga taqdim etilgan.






