AsosiyDunyo

YuNESKOda O`zbekiston madaniy merosi taqdim etildi

'YuNESKOda O`zbekiston madaniy merosi taqdim etildi'ning rasmi

YuNESKO bosh qarorgohida "Oriental Fashion Show 2023" tadbiri ishtirokchilarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.

Mazkur tadbir doirasida O`zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi va YuNESKOdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan "Route De La Soie Et Al-Andalus" uyushmasi bilan hamkorlikda mamlakatimiz boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyatiga bag`ishlangan videorolik taqdim etildi. Unda, xususan, Samarqandning diqqatga sazovor joylari, nomoddiy madaniy merosning noyob elementi bo`lgan so`zananing yaratish texnologiyasi, shuningdek, Parij moda haftaligi doirasida o`tkazilgan "Oriental Fashion Show 2023" ko`rgazmasida 24-25 yanvar kunlari muvaffaqiyatli namoyish etilgan o`zbek dizaynerlarining kolleksiyalari haqida hikoya qilingan.

"Oriental Fashion Show 2023" ko`rgazmasi tashkilotchisi, "Route De La Soie Et Al-Andalus" uyushmasi prezidenti Hind Joudar O`zbekiston shaharlari bo`ylab qilgan sayohati chog`ida o`zbek madaniyati va an`analarining rang-barangligi va betakror go`zalligi unda katta taassurot qoldirganini ta`kidladi. "Oriental Fashion Show" ko`rgazmasini O`zbekistonga olib borish va Samarqand markazidagi Registon maydonida ushbu muhtasham tadbirni tashkil etish mening eng ezgu orzumdir", dedi Hind Joudar.

"Oriental Fashion Show" Sharq mamlakatlari modasi va tikuvchilik mahoratiga bag`ishlangan dunyodagi birinchi xalqaro ko`rgazmadir. 2004 yildan beri Parijda o`tkazib kelinayotgan navbatdagi ko`rgazmada 60 mamlakatdan 120 dan ortiq modelerlar to`plamlari namoyish etildi. Anjuman tashkilotchilari ko`rgazma namoyishlarini Parij, London, Milan, Nyu-York, Moskva, Sankt-Peterburg, Istanbul, Boku, Quvayt, Doha, Marokash, Dubay va dunyoning boshqa shaharlarida muntazam tarzda uyushtirib keladi.

    Boshqa yangiliklar