AsosiyDunyo

Armaniston Ozarbayjon ustidan BMT sudiga murojaat qildi

'Armaniston Ozarbayjon ustidan BMT sudiga murojaat qildi'ning rasmi

30 yanvar kuni Birlashgan millatlar tashkiloti xalqaro sudiga Armaniston vakili Egishe Kirakosyan Ozarbayjon Tog`li Qorabog`dagi etnik armanlarga nisbatan Lochin yo`lagini to`sib, bosim o`tkazyotgani ustidan murojaat qildi. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.

Armaniston vakilining aytishicha, Ozarbayjon Lochin yo`lagini to`sib, etnik armanlarga bosim o`tkazmoqda. Hududda tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoni yo`qligi sababli bir kishi vafot etgan va boshqa ko`plab odamlar ham xuddi shunday taqdirga duchor bo`lishi mumkin. Do`konlar javonlari bo`m-bo`sh, aholiga oziq-ovqat etishmayapti. Savdo va biznes to`xtatilgan, muntazam ravishda gaz o`chirilgan, elektr ta`minoti uzilib qolgan.

“Ozarbayjon bu qamalni hech kim ishonmaydigan ertaklar bilan oqlaydi. Barcha va`dalarga qaramay, Baku bu yo`lak bo`ylab odamlar, tovarlar va transport vositalarining erkin harakatlanishiga to`sqinlik qilishda davom etmoqda. Shuning uchun bu sudga murojaat qilish yo`lakni ochish uchun so`nggi umidimizdir”, dedi Armaniston vakili. 

Shuningdek, Kirakosyan vaziyatni hal qilishga urinishlar ko`plab xalqaro va nohukumat tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgani, biroq ularning sa`y-harakatlari muvaffaqiyat qozonmaganini aytgan. 

Ma`lumot uchun, Armaniston 2021 yilda ham Xalqaro sudga Ozarbayjon ustidan shikoyat qilgan edi. Unda Ozarbayjon o`nlab yillar davomida yuzaga kelgan irqiy kamsitishda ayblangandi. O`sha yilning o`zida Ozarbayjon ham qarshi da`vo bilan Armaniston mintaqada ozarbayjonlarga nisbatan milliy va etnik kelib chiqishiga ko`ra bir qancha kamsitish harakatlarini sodir etgani va qilishda davom etayotganini da`vo qilgandi. Sud esa ish yuritish davomida taraflar o`rtasida keskinlik kuchayishiga yo`l qo`ymaslik uchun vaqtinchalik choralar qo`llashni belgilagan edi.

    Boshqa yangiliklar