Turkmaniston prezidenti O`zbekistonni do`stona va birodarlik bilan qo`llab-quvvatlash maqsadida suyultirilgan gazni O`zbekistonga bepul o`tkazish bo`yicha farmon imzoladi. Bu haqdagi xabar mamlakat hukumati portalida e`lon qilindi.
Ma`lum qilinishicha, Farmon bilan "Turkmangaz" davlat konserniga tegishli hajmdagi suyultirilgan gazni O`zbekistonga o`tkazish topshirilgan. Biroq, aynan qancha hajmda gaz o`tkazilishi haqida ma`lumot berilmagan.
Eslatib o`tamiz, avvalroq, Sardor Umurzoqovning Turkmanistonga tashrifi chog`idagi muzokaralar yakunida O`zbekistonga qo`shimcha ravishda kuniga 20 million kub metr gaz (3 oyda jami 1,5 mlrd kub metr) berish bo`yicha shartnoma imzolangani aytilgan edi.
Sal avval yuzaga kelgan texnik sabablarga ko`ra 12 yanvardan boshlab Turkmaniston O`zbekistonga tabiiy gaz eksportini vaqtincha to`xtatib, 21 yanvarda qayta tiklagan edi.