AsosiyJamiyat

“Agar bemorni mehr bilan davolab, to`g`ri yondashsangiz, rozi bo`lib o`zi sizga barakasini berib ketadi. So`ramasangiz ham”, – Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov

'“Agar bemorni mehr bilan davolab, to`g`ri yondashsangiz, rozi bo`lib o`zi sizga barakasini berib ketadi. So`ramasangiz ham”, – Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Farg`ona viloyatida tibbiyot sohasi va OAV vakillari bilan uchrashuvda korrupsiya masalasida gapirib o`tdi. 

Jurnalistlarning korrupsiyani kamaytirish uchun avvalo oyliklarni oshirish kerak degan savoliga Amrillo Inoyatov shunday javob berdi: “Agar bemorni mehr bilan davolasangiz, rozi bo`lib, o`zi sizga barakasini berib ketadi”.

Shundan so`ng, Aksilkorrupsiya agentligi jamoat kengashi Amrillo Inoyatovning shifokorlar maoshi haqidagi so`zlarini qoraladi.

Kengashning ta`kidlashicha, bemor beradigan pulni shifokorni rag`batlantirishning yo`li deb ko`rish qonunchilikka va korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga zid. Bu – korrupsiyaviy jinoyatlar ko`payishiga, shifokor kasbi mavqeyining pasayishiga, sog`liqni saqlash tizimiga xalqning ishonchi kamayishiga sabab bo`ladi, deyiladi kengash bayonotida.

Bu fikr ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga sabab bo`ldi. Vazirning so`zlariga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi ham munosabat bildirdi.

“Jamoatchilik kengashi Sog`liqni saqlash vazirligi rahbariyatining korrupsiyaning oldini olish bo`yicha boshlagan ishlarini qo`llab-quvvatlaydi.

Shu bilan birga, sharafli kasb egalari – shifokorlarni rag`batlantirish yo`llaridan biri sifatida bemorlar bergan mablag`ning e`tirof etilishini qonunchilikka va mamlakatda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga zid harakat sifatida qayd etadi.

Mazkur taklif tizimda korrupsiyaviy jinoyatlar sonining ortishiga hamda shifokor kasbi mavqeyining pasayishiga, sog`liqni saqlash tizimiga xalqning ishonchi kamayishiga sabab bo`ladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Sog`liqni saqlash vazirligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining qo`shma bayonotida “tibbiyot xodimlariga munosib mehnat sharoitini yaratish va daromadini oshirish, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo`yicha amaliy choralar ko`rish, bunda, tibbiyot xodimlari malakasiga, ko`rsatiladigan tibbiy xizmat hajmi, murakkablik darajasi va sifatiga qarab mehnatga haq to`lashning toifalangan zamonaviy mexanizmlarini joriy etish” belgilangan.

Shifokorlarni rag`batlantirishda bemorlardan pul olish singari (ixtiyoriy yoki ixtiyoriy emasligidan qat`i nazar) noqonuniy xatti-harakatlarni bartaraf etish hamda haq to`lashning toifalangan mexanizmini joriy etish – SSVning asosiy maqsadi bo`lishi lozim",–deyiladi Jamoatchilik kengashi bayonotida.

Aksilkorrupsiya organi huzuridagi Jamoatchilik kengashi bu masala ustidan jamoatchilik nazorati o`rnatilishini ma`lum qilgan.

    Boshqa yangiliklar