1

Mustaqil komissiya Nukus voqealarida ayblangan Po`lat Shamshetov o`limi yuzasidan rasmiy bayonot berdi

Jamiyat 07.02.2023, 22:12
Mustaqil komissiya Nukus voqealarida ayblangan Po`lat Shamshetov o`limi yuzasidan rasmiy bayonot berdi

Qoraqalpog`iston IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo`limining sobiq boshlig`i Po`lat Shamshetov Nukus voqealari bo`yicha hukm chiqarilgandan ko`p o`tmay vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Shundan so`ng, mazkur holat bo`yicha Mustaqil komissiya a`zolari joriy yilning 6 fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurib, o`lim holati sabablarini, jumladan hibsxonadagi sharoitlar, kamera yozuvlari, dastlabki tibbiy hulosa va boshqa tegishli hujjatlarni o`rganishadi. Shuningdek, marhum bilan bitta kamerada bo`lgan  shaxslar va tergov hibsxonasi xodimlari bilan suhbat o`tkazishi aytilgan edi. Bundan tashqari Po`lat Shamshetov o`limi yuzasidan Bosh prokuratura tekshiruv o`tkazi, o`lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan edi.

Bugun, 7 fevral kuni esa Qoraqalpog`iston Respublikasida 2022 yil iyul oyida yuz bergan holatlar va voqealarni o`rganish bo`yicha Mustaqil komissiya a`zolari hamda Ombudsmanning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili marhum Po`lat Shamshetovning o`limi sabablarini o`rganish maqsadida 4-sonli Tergov hibsxonasida bo`lib, marhumning o`limi yuzasidan rasmiy bayonot berdi

Unga ko`ra, o`lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. 

“Olingan dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, marhum Po`lat Shamshetov o`pka arteriyasi tromboemboliyasi, o`tkir yurak-qon tomiri etishmovchiligi oqibatida vafot etgan. O`rganish ishlari davom etmoqda”, deyiladi Komissiyaning bayonotida.

Ma`lum qilinishicha, Mustaqil komissiya a`zolari 6-mintaqaviy muvofiqlashtiruvchi markaz boshlig`i podpolkovnik Sh.Radjabov, hibsxona boshlig`i podpolkovnik U.Asadov va hibsxona tibbiyot bo`limi boshlig`i mayor N.Po`latov, shuningdek, marhum Polat Shamshetov vafot etgan kuni hibsxonada navbatchilikda bo`lgan tibbiyot bo`limi feldsheri – katta serjant D.Temirov hamda tartibot va qo`riqlash bo`limi korpus katta safdori R.Jumaev bilan holat yuzasidan suhbatlashgan.

Shuningdek, qayd etish hujjatlari hamda hibsxonada saqlanayotgan shaxslar va xizmat olib borayotgan xodimlar harakatini nazorat qilish maqsadida o`rnatilgan videokuzatuv kameralari yozuvlarini o`rgangan.

“Komissiya a`zolari marhum Po`lat Shamshetov bilan hibsxonaning kamerasida birga saqlangan shaxslar S.Sh. va M.B. bilan holat yuzasidan alohida suhbatlashdi. Ular marhum Polat Shamshetovga nisbatan ruhiy yoki jismoniy tazyiqlar o`tkazilmagani, bu haqda marhumning o`zi ham biror marta shikoyat qilmaganini qayd etishdi”, deyilgan rasmiy bayonotda.

Qolaversa, Mustaqil komissiya marhum Polat Shamshetov vafot etgach, hodisa joyi Buxoro viloyati prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi, viloyat IIB boshlig`i, sud-tibbiy ekspertiza mutaxassislari, Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili, marhum Polat Shamshetovning advokati va yaqin qarindoshlari va xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganini qo`shimcha qilgan.

Eslatib o`tamiz, Sudning hukmi bilan P.Shamshetov Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topilib, 3 yil mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum etilgan va 6 yil ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1