1

Dunyoda ko`krak bezi saratonidan 2,5 million nafar ayolning hayotini saqlab qolish mumkin - JSST

Salomatlik 08.02.2023, 09:30
Dunyoda ko`krak bezi saratonidan 2,5 million nafar ayolning hayotini saqlab qolish mumkin - JSST

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko`ra, hozir dunyoda har besh erkakdan biri va har oltinchi ayol hayotining qaysidir qismida saratonga chalinish ehtimoli bilan yashamoqda. 

Eng yomoni, ushbu kasallik Er yuzida bevaqt hayotdan ko`z yumish holatlarining eng keng tarqalgan ikkinchi omilidir. Ko`krak bezi saratoni esa sayyoramizda ayollar o`limi sabablari orasida birinchi o`rinni egallaydi.

Xalqaro tashkilotlar bu global xatar bilan samarali kurashish mumkin, degan xulosada. Jumladan, BMT 2040 yilga kelib, ko`krak bezi saratonidan 2,5 million nafar ayolning hayotini saqlab qolish yuzasidan yangi tashabbusni ilgari surdi.

JSST esa bu boradagi ezgu sa`y-harakatlarga rahbarlik qilishni o`z zimmasiga oldi. 

Tashkilot bayonotida keltirilishicha, dunyoda har yili 2,3 milliondan ortiq ayolga ko`krak bezi saratoni tashxisi qo`yiladi. Taraqqiy etgan mamlakatlar 40 yoshdan oshgan ayollar o`rtasida bu xastalikdan o`lim ko`rsatkichini 90 foizga kamaytirishga muvaffaq bo`lmoqda. 

Ammo ba`zi iqtisodiy qoloq davlatlarda kasallik diagnostikasi va muolajasi ko`lami cheklangan. Shu bois ularda ko`krak bezi saratonidan omon qolish darajasi 50 foiz va undan kam. 

Ma`lumotlarga ko`ra, ushbu dard asosan 45-65 yoshda rivojlanadi. Ayni sababdan bu yoshdagi ayollarni rejali mammografik tekshiruvlardan o`tkazib turish zarur. 

Yurtimizda ham mazkur yo`nalishda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kelgusida har yili 1,5 millionga yaqin 45-65 yoshdagi opa-singillarimiz shunday tekshiruvlar bilan qamrab olinadi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1