1

"O`zbekgidroenergo" Hindiston kompaniyasi bilan innovasion gidroagregatlarni etkazish bo`yicha shartnoma imzoladi

Jamiyat 09.02.2023, 07:57
"O`zbekgidroenergo" Hindiston kompaniyasi bilan innovasion gidroagregatlarni etkazish bo`yicha shartnoma imzoladi

«O`zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tomonidan investisiyaviy loyihalar asosida yangi gidroenergetik quvvatlarni barpo etish, xususan, zamonaviy talablar asosidagi yangi gidroelektr stansiyalarni qurish, modernizasiya loyihalarini amalga oshirish, shu bilan birga, istiqbolli sanalgan mikro va kichik GESlarni qurishga katta urg`u berilmoqda. 8 fevral kuni Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrida ikki tomonlama hamkorlik doirasida navbatdagi tadbir o`tkazildi.

Tadbirda Madaniy aloqalar bo`yicha Hindiston kengashi prezidenti Doktor Vinay Saxasravudxe, Milliy energetika korporasiyasi, Tehri Hydro Power Corporation hamda North-Eastern Electric Power Corporation Limited korporasiyalari raisi va boshqaruvchi direktori Shri R.K. Vishnoy, MACLEC technical project laboratory pvt. LTD kompaniyasi raisi Narayan Bxardvadj hamda «O`zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi Abdug`ani Sanginov boshchiligidagi delegasiya qatnashgan.

Tadbirda tarixiy kelishuvga erishilgan. Hindistonning MACLEC technical project laboratory pvt. LTD kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, quvvati 50 MVt bo`lgan suv yuzasida suzib turuvchi kinetik turbinali innovasion gidroagregatlarni O`zbekistonga etkazish bo`yicha shartnoma imzolangan. Ushbu hamkorlikning 1-bosqichida gidroagregatlarning 60 foizi mahalliylashtiriladi va gidroagregatlar O`zbekiston sharoitida sinovdan o`tkaziladi. 2-bosqichda ishlab chiqarish 100 foizi mahalliylashtiriladi va hindistonlik injener-muhandislar respublikamizda doimiy ishlashi va bizning mahalliy mutaxassislarimizni gidroagregatlarni ishlab chiqarishga o`rgatish uchun jalb qilinadi.

Mazkur tadbirda MACLEC kompaniyasi raisi Narayan Bxardvadj hamda Jamiyat boshqaruvi raisi Abdug`ani Sanginov tomonidan hamkorlikning istiqbollariga alohida to`xtalib o`tilgan hamda o`zaro minnatdorchilik tilaklari bildirilgan. Tadbir davomida tomonlar o`rtasida shartnoma imzolash marosimi o`tkazilgan.

O`tgan 2022 yilning avgust oyida Hindistonning MACLEC kompaniyasi rahbarlari bilan gidroenergetika sohasida yangi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida ikki tomonlama uchrashuv o`tkazilgan hamda Made in Uzbeistan milliy brendi asosida quvvati 500 kVt gacha bo`lgan mikroGESlar uchun gidroagregatlar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`yicha o`zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi.

Natijada, tizim tashkiloti hisoblangan «Suvsanoatmash» AJ zavodi hamda Hindistonning MACLEC kompaniyasi hamkorligida mikroGESlar uchun gidroagregatlar «Made in Uzbekistan» o`zbek brendi asosida mamlakatimizda ishlab chiqarilishini yo`lga qo`yish borasida kelishuvga erishilgan edi. Bu esa, o`z navbatida, xususiy investorlar tomonidan mikroGESlarni qurishga va davlat-xususiy sherikchiligi asosida kichik GES qurmoqchi bo`lgan tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib beradi. GES uchun zaruriy asbob-uskunalarni yurtimizdan arzon va kafolatlangan tarzda xarid qilinishi imkoniyatini beradi.

2023 yilning 23 yanvar kuni Nyu-Dehli shahrida o`tkazilgan uchrashuvda jamiyat tomonidan O`zbekistondagi gidroenergetik salohiyat, xususan, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun qulay daryo va kanallar haqidagi ma`lumotlar, hind kompaniyasi tomonidan esa zamonaviy texnologik qurilmalar, xususan, gidroagregatlar borasida maxsus taqdimot taqdim etilgan edi. Natijada qisqa vaqt ichida har bir daryo va kanallar uchun individual bo`lgan gidroagregatlar modellashtirilgan, ularning nominal o`lchamlari va quvvatlari yangi texnologiyalar yordamida aniqlangan va shu kunlarda ishlab chiqarish jarayonlari boshlanadi.

Shuningdek, Xitoyning JINLUN kompaniyasi bilan quvvati 15 megavattgacha bo`lgan gidroagregatlarni ishlab chiqaruvchi yangi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan zavodni qurish bo`yicha o`zaro kelishuvga erishilgan. 20 fevralga qadar ushbu hamkorlik bitimi imzolanishi va yangi zavodga tamal toshi qo`yilishi rejalashtirilmoqda.

«Umuman olganda, mahalliylashtirish doirasida samarali loyihalar asosida yo`lga qo`yilayotgan, xorijiy ilg`or tajriba asosida ishlab chiqarilayotgan yangi quvvat qurilmalari va manbalari yangi O`zbekiston gidroenergetik salohiyatining ortishiga, toza va arzon elektr energiya manbaini ishlab chiqarish hajmining keskin oshirilishiga, yangi ish o`rinlarining yaratilishiga, tom ma`noda, mamlakatimiz iqtisodiyotining rivojlanishiga muhim poydevor bo`ladi», — deyiladi xabarda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1