AsosiyJamiyat

Yanvar oyidagi gaz va elektrdagi uzilishlar ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish hajmlariga salbiy ta`sir qildi

'Yanvar oyidagi gaz va elektrdagi uzilishlar ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish hajmlariga salbiy ta`sir qildi'ning rasmi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi joriy yilning yanvar oyining birinchi yarmida davlat budjeti daromadlari haqidagi ma`lumotni taqdim etdi.

Unga ko`ra, yanvar oyining birinchi yarmida davlat budjeti daromadlari o`rtasidagi salbiy farq oyning birinchi haftasi davomida ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni to`liq moliyalashtirish hamda yil boshida odatda budjet tushumlarining kam bo`lishi bilan izohlanadi.  

Ma`lumot uchun keltirilishicha, budjet kodeksiga muvofiq joriy moliya yilining muayyan davrida budjet tizimi budjetlari xarajatlarining daromadlaridan vaqtinchalik oshib ketishi vaqtinchalik kassa uzilishi deb ataladi.

Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar oyida mamlakatimizda havo haroratining keskin sovib ketishi hamda energiya resurslariga talabning keskin oshishi tufayli xo`jalik yurituvchi subektlarga tabiiy gaz va elektr energiyasi etkazib berishdagi uzilishlar ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish hajmlariga salbiy ta`sir qilgan.

Bu qariyb 30 ming tadbirkorlik subektlarining soliq qarzdorligini 1,2 trln so`mga o`sishiga olib kelib, budjet tushumlarining to`liq tushishiga salbiy ta`sir qilgan.  

Xabaringiz bor, shu sababdan tadbirkorlik subektlarini qo`llab-quvvatlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 3 fevraldagi PQ–43-son qarori bilan ularning soliq qarzdorliklari bo`yicha penya hisoblashni to`xtatish, soliq qarzdorliklarini bo`lib to`lash, moddiy javobgarliklarga tortmaslik, kredit to`lov muddatlarini uzaytirish hamda aylanma mablag`larni to`ldirishga kredit olish shartlarini engillashtirish kabi choralar belgilandi.  

"Bu esa, o`z navbatida, tadbirkorlik subektlari faolligini qayta tiklashga va kelgusi oylarda budjet tushumlarini ko`payishiga turtki bo`ladi.

Shu bilan birga, 2023 yil uchun belgilangan daromadlar prognozini bajarilishini ta`minlash maqsadida, soliq va bojxona ma`murchiligini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.  

Budjet daromadlari 2022 yilning yanvar oyida 13,4 trln. so`mni tashkil qilgan bo`lsa, joriy yil yanvarida 14,9 trln. so`mni tashkil qildi. Soliq qarzdorligi oshmagan taqdirda daromadlar o`sish sur`atining yuqoriroq bo`lishi kutilgan.

Budjet taqchilligini yillik tasdiqlangan ko`rsatkich doirasida bo`lishini ta`minlash uchun, odatda, yil davomida soliq-budjet sohasida tegishli choralar ko`riladi. Moliya yili ichida esa daromadlar va xarajatlar o`rtasidagi tafovut o`zgarib turishi mumkin.

Bugungi kunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan doimiy ravishda e`lon qilib boriladigan ma`lumotlar ro`yxati, ularning davriy chop etishning aniq sanalari (iqtisodiy kalendar) ishlab chiqilmoqda va bu to`g`risida yaqin kunlarda rasmiy axborot beriladi", deyiladi vazirlik Axborot xizmati xabarida. 

 

    Boshqa yangiliklar