Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda qizlar yo`qola boshlagani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shoxruh G`iyosovga ko`ra, Telegram’da tarqalgan qizlarning g`oyib bo`layotgani haqidagi xabarlar go`yoki bu voqealar bir-biri bilan uzviy bog`liqdek tasavvur uyg`otsa-da, haqiqatga to`g`ri kelmaydi. Buni qizlarning turli kunlarda, turli joylarda g`oyib bo`lgani ham tasdiqlaydi.
G`iyosovning ma`lum qilishicha, kimlardir turli vaqtlarda yo`qolgan qizlar haqidagi xabarlarni turli joylardan olib umumlashtirgan va voqelikka vahimali tus berishga, bu orqali aholi orasida sarosima uyg`otishga uringan.
IIV mas`uli ushbu xabarlar ortidan 102 qisqa raqamiga murojaatlar ko`payib ketganini ta`kidlab, Telegram kanallari ma`murlaridan har bir axborotni tekshirib, so`ng e`lon qilishni, tekshirilmagan va haqiqatga to`g`ri kelmaydigan axborotni tarqatganlik uchun javobgarlik borligini eslatib o`tgan.