So`nggi kunlarda Ozodlik radiosining "Kreml changalidagi o`zbek gazi" sarlavhali surishtiruvi ijtimoiy tarmoqlarning o`zbek segmentida shov-shuvlarga sabab bo`ldi. Surishtiruvda o`zbek gazi suvtekin narxda Rossiya kompaniyalariga sotib yuborilgani aytilgan.
Energetika vaziri Jo`rabek Mirzamahmudov bugun, 13 fevral kuni bir guruh jurnalist va jamoatchilik faollari bilan uchrashib, Ozodlik radiosidagi material bo`yicha jamoatchilikni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Xususan, o`zbek gazi Rossiya kompaniyasiga 35 yillik muddatga sotib yuborilgani inkor qilindi. Vazir buni shunday izohladi:
– O`zbekiston o`zining barcha gaz va neftiga oid eksklyuziv huquqini 35 yilga Rossiya kompaniyalariga bermagan. Bu yolg`on va noto`g`ri talqin qilingan ma`lumot. O`zbekistondagi barcha ekspuluatasiyada bo`lgan konlarning asosiy qismi "O`zbekneftigaz" kompaniyasida. Bu 35 yil faqatgina "Mustaqillikning 25 yilligi" gaz konditsat koni o`zlashtirish va uni ishlatishga tegishli. Bu kon Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan. O`zbekistonda 250dan ortiq gaz va neft konlari bo`lsa, shundan bittasi, ya`ni "M-25" gaz konini 35 yilga daromadni 50/50 bo`lishish sharti bilan investorga berilgan. Konni o`zlashtirish 100 foiz investor mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi.
Energetika vaziri kondan foydalanish huquqining nega uzoq, 35 yilga berilishi haqidagi savolga ham javob berdi.
"Kondan foydalanishning uzoq muddatga berilishi tajribada bor. Bu konning hajmiga bog`liq. Bu 35 yilning 8 yilida geologik qidiruv ishlari olib boriladi",–dedi vazir Jo`rabek Mirzamahmudov.