Prezident Shavkat Mirziyoev ijtimoiy sohalarga mas`ul rahbarlarni qabul qildi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O`zbekiston ma`muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga muvofiq ixcham va samarali boshqaruv tizimiga o`tilmoqda. Birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinmoqda.
Xususan, bir-biriga yaqin sohalar negizida Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Sog`liqni saqlash vazirligi tashkil etildi.
Prezidentimiz O`zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “ijtimoiy davlat” tamoyiliga alohida e`tibor qaratgan edi. Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro`yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, demakdir. Bu esa ta`lim va tibbiyot sifati, ilm-fan va madaniyat rivoji, yoshlar hayotida aks etadi.
Yig`ilishda ushbu sohalardagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Mamlakatni olg`a boshlovchi, islohotlarni amalga oshiruvchi asosiy kuch bu – bilimli va sog`lom avlod. Shu bois ta`lim tizimining barcha bosqichlari isloh qilinib, izchil rivojlantirilmoqda. So`nggi yillarda ko`plab bog`cha va maktablar qurildi. Yangi universitetlar tashkil etildi. Maktablarda o`quvchi o`rni, oliy ta`lim qamrovi oshdi. Endi asosiy e`tibor sifatga qaratilmoqda.
2022 yilda 386 ming nafar maktab bitiruvchilaridan 137 ming nafari oliy ta`limga, 20 ming nafari kollej va texnikumlarga qamrab olingan. Lekin bitiruvchilarning 50 foizi hech qanday kasb-hunarsiz mehnat bozoriga kirib kelgan.
Jahondagi shiddatli raqobat sharoitida etuk mutaxassislar tayyorlash, o`zgaruvchan mehnat bozori talablariga moslashishni bugun hayotning o`zi taqozo etmoqda. Shuning uchun, 2023 yildan boshlab, o`quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasbga o`rgatish Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligining eng ustuvor vazifasi bo`lishi ta`kidlandi.
Bunga hamohang ravishda, oliy ta`lim tizimi ham o`zgarishi kerak. Shu bois institut va universitetlarning faoliyatini isloh qilib, malakali kadrlar tayyorlash, ilm bilan ishlab chiqarish integrasiyasini kengaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
So`nggi yillarda olimlarning ish haqi 4,5 barobar oshirilgan. Bu yil ilm-fan va innovasiyalarga 1,8 trillion so`m ajratilmoqda. Bundan foydalanib, suv va energiyani tejash, tuproq unumdorligi va hosildorlik, geologiya, sanoat, qurilish kabi dolzarb yo`nalishlarda ilmiy asoslar yaratish zarurligi qayd etildi.
Yosh avlodni yuksak madaniyat ruhida tarbiyalash masalasiga ham to`xtalib o`tildi. Teatr, musiqa va kino sohalarini rivojlantirish, maqom va baxshichilikni asrab-avaylash muhimligi ta`kidlandi. Xalqimiz madaniyati va tabiat maskanlarini keng targ`ib qilib, turistlarga sharoitlarni yaxshilash bo`yicha vazifalar belgilandi.
Sog`liqni saqlash sohasida ham dolzarb masalalar ko`p. Bugungi kunda aholining 56 foizida ortiqcha vazn, 30 foizida surunkali kasalliklar bor. Shu bois “To`g`ri ovqatlanish va sog`lom turmush tarzi” umummilliy harakati boshlanishi ma`lum qilindi.
Tibbiyot ta`limiga ilg`or xorijiy tajribani joriy qilish, tizimni raqamlashtirish va tibbiy sug`urtani yo`lga qo`yish orqali xizmat sifatini oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Aholini qiynab kelayotgan onkologik, yurak-qon tomir va endokrin kasalliklar bo`yicha erta o`limni keskin kamaytirish muhimligi ta`kidlandi.
Yig`ilishda vazirlar tizim faoliyatini samarali tashkil etish masalalari va ustuvor vazifalar yuzasidan axborot berdi.






