O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, O`zbekiston Respublikasi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi raisi Baxtiyor Sayfullaev 72 yoshida vafot etdi.
Madaniyat va turizm vazirligi taqdim etgan ma`lumotga ko`ra, Baxtiyor Sayfullaev 1951 yilning 1 aprelida Toshkent shahrida tavallud topgan, 1972 yilda Toshkent davlat teatr va rassomlik san`ati instituti tamomlagan.
O`z mehnat faoliyatini 1972 yilda Respublika yosh tomoshabinlar teatri aktyori va rejissyori sifatida boshlagan Baxtiyor Sayfullaev keyinchalik O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri lavozimida ham faoliyat olib borgan.
Baxtiyor Sayfullaev o`zbek milliy san`ati rivojlantirishga katta hissa qo`shib, “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi”, “Qoraqalpog`iston Respublikasi san`at arbobi” unvoni bilan taqdirlangan.
Madaniyat va turizm vazirligi jamoasi Sayfullaev Baxtiyor Sayfullaevichning vafoti munosabati bilan uning oila a`zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.






