AsosiyJamiyat

Termizda 2 kg "opiy"ni tojikistonliklardan 14 ming dollarga sotib olib, uyida saqlab kelgan shaxs 1,5 yildan so`ng 40 ming dollarga sotayotganda qo`lga tushdi (video)

'Termizda 2 kg "opiy"ni tojikistonliklardan 14 ming dollarga sotib olib, uyida saqlab kelgan shaxs 1,5 yildan so`ng 40 ming dollarga sotayotganda qo`lga tushdi (video)'ning rasmi

Surxondaryoda giyohvandlik moddasi savdosi bilan shug`ullangan 4 nafar shaxsga sud hukmi o`qildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar berdi. 

Ma`lum qilinishicha, Termiz tumanida yashovchi, 1989 y.t. fuqaro 2021 yilning sentyabr oyida Denov tumanida tojikistonlik shaxsdan 2 kg “opiy” moddasini 14 ming AQSh dollariga sotib oladi va kelgusida uni qayta sotib, daromad topish maqsadida uyida saqlaydi.

2022 yilning iyun oyida u Termiz shahri va Termiz tumanida yashovchi, 1983 va 1986 yillarda tug`ilgan 2 nafar tanishi bilan ushbu ajal og`usini 40 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida, ular Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo`lga olindi.

Shuningdek, holat yuzasidan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida Termiz shahrida yashovchi, 1985 y.t. shaxs ham mazkur noqonuniy ishga aralashganligi aniqlandi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Termiz shahar sudining hukmiga ko`ra, ushbu 4 nafar shaxs Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan aybdor deb topilib, ularga 12 yildan 14 yilgacha bo`lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.


 

    Boshqa yangiliklar