“2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–57-son, 16.02.2023 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga ko`ra, 2023 yil 1 apreldan umumiy quvvati 100 kVtgacha bo`lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o`rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ular foydalanishga topshirilgan paytdan e`tiboran 3 yil muddatga, o`rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo`lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o`rnatilgan bo`lsa – 10 yil muddatga quyidagilarni to`lashdan ozod etiladi:
-ushbu qurilmalar bo`yicha mol-mulk solig`ini;
-qurilmalar bilan band bo`lgan uchastkalar bo`yicha er solig`ini;
-yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig`ini.
2023 yil 1 martdan yagona elektr energetika tizimiga ulanish uchun berilgan texnik shartlarda ko`rsatilgan quvvatdan yuqori bo`lmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda qo`shimcha texnik shart olish talab etilmaydi.
Qarorga ko`ra, tadbirkorlar, xorijiy investorlar:
➖qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat organiga va (yoki) hududiy elektr tarmoqlariga o`rnatilgan tariflarda, boshqa iste`molchilarga o`zaro kelishilgan narxlarda to`g`ridan-to`g`ri tuzilgan, shu jumladan, uzoq muddatli shartnomalar asosida sotishi;
➖ boshqa shaxslarga tegishli ob`ektlarda ijara huquqi asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o`rnatib, ushbu qurilmalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishi mumkin bo`ladi.
Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan 2023 yil 1 martdan “yashil energiya” bank moliya produkti amalga kiritiladi.
2023 yil 1 maydan:
foydalanishga topshiriladigan ko`p qavatli uylar tomlari bo`sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini o`rnatish talabi joriy qilinadi;
yangi tashkil etiladigan issiqxona xo`jaliklari hamda sement, g`isht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi;
respublikadagi barcha yoqilg`i (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi ta`minotining kamida 50 foizi ushbu ob`ektlarda o`rnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi.