Prezident Shavkat Mirziyoev Buxoro tumanidagi Rabotiqalmoq mahallasida bo`lib, aholi hayoti bilan tanishdi.
Bu erda 9 mingdan ziyod aholi yashaydi. Quyi tizimdagi manzilli ishlar natijasi bu mahallada ham namoyon - tadbirkorlik rivojlanib, ish o`rinlari ko`paymoqda. Xususan, ilgari foydalanilmay yotgan maydonda tikuvchilik korxonasi barpo etildi. 30 dan ortiq xotin-qiz o`z mahallasida ishli bo`ldi. Yaqinda ish boshlaganiga qaramay, korxona 100 mingta trikotaj mahsulotlari uchun buyurtma olgan.
Davlatimiz rahbari mazkur korxona faoliyati bilan tanishib, ishchilar bilan suhbatlashdi.
- Mahalladagi o`zgarishlarni, sizning ishli bo`lganingizni ko`rib, xursand bo`ldim. Bular - xalq ichiga kirib, xalq bilan birga qilayotgan sa`y-harakatlarimizning kichik bir natijasi. Agar hokimlik va tashkilotlar sharoit yaratib berolsa, har bir oila o`zini eplab ketolsa, maqsadimga erishgan bo`laman. Shunda katta oilamiz - davlatimiz ham mustahkam bo`ladi, - dedi Prezident.
Shu erda viloyatdagi tadbirkor ayollarning hanarmandchilik mahsulotlaridan namunalar namoyish etildi. Ular ishlab chiqarishda va kasanachilik asosida xotin-qizlar bandligini ta`minlayotganini so`zlab berishdi. Davlatimiz rahbari ularning bu boradagi harakatlarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha mutasaddilarga ko`rsatmalar berdi.
Rabotiqalmoq mahallasida yana 10 dan ortiq savdo va servis shoxobchalari, Tadbirkorlarga xizmat ko`rsatish markazi ham bor. Mahalla fuqarolar yig`ini binosi mukammal ta`mirlangan. Aholining bo`sh vaqti mazmunli o`tishi uchun “Otaxonlar choyxonasi”, kutubxona, sport maydonchasi, hammom va xiyobonlar tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari bu sharoitlarni ko`zdan kechirdi, shu erlik Baxtiyor Po`latov xonadonida mehmon bo`ldi.