17 fevral kuni Adliya vazirligida “2022 yilda qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazish natijalari” mavzusida xalqaro ekspertlar, vazirlik va idoralarning mas`ul xodimlari ishtirokida davra suhbati tashkil qilindi.
Davra suhbati davomida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalari, 2022 yil davomida korrupsiyaga qarshi ekspertiza yo`nalishida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, muammo va kamchiliklar muhokama qilindi.
2022 yil davomida ijtimoiy himoya, moliya va bank, tadbirkorlik, tashqi iqtisodiy faoliyat hamda bojxona ishiga oid 1 860 ta qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazilgan.
Ekspertiza natijalariga ko`ra, 243 ta hujjatda (13 foiz) yoki ekspertizadan o`tkazilgan jami hujjatlarning 350 ta korrupsiyaviy omil aniqlagan.
Shuningdek davra suhbati davomida boshqa vazirlik va idoralarning qonunchilik hujjatlari loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizani amalga oshirishdagi faoliyatiga to`xtalib o`tildi.
Jumladan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 293 ta loyiha korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazilib ularda korrupsiyaviy omillar aniqlanmaganligi to`g`risida ma`lum qilingan bo`lsada, ushbu loyihalar Adliya vazirligi tomonidan ekspertizadan o`tkazilganda ularda 457ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan.
Adliya vazirligi tomonidan korrupsiyaviy omillarni aniqlash uchun
3 ta qonunchilik hujjati – qonun, Prezident farmoni hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
Mazkur loyihalar bilan amaldagi 243 ta qonunchilik hujjatidagi korrupsiyaviy holatlarni sodir etishga imkon beruvchi tartib va qoidalarga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, Qonun loyihasi bilan nogironlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga borish imkoniga ega bo`lmasa, ekspertiza uning hoxishiga ko`ra uning uyida yoki shaxs davolanishda bo`lgan stasionarda o`tkazilishi bo`yicha taklif kiritilganligi qayd etib o`tildi. Amaldagi tartibga ko`ra esa, mazkur tanlov komissiya ixtiyoriga ko`ra hal qilinmoqda.
Prezident farmoni loyihasi bilan korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarni bartaraf etish, tartibga solish yukini kamaytirish va qonunchilik tizimliligini ta`minlash bo`yicha “Yo`l xaritasi” tasdiqlanmoqda.
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi bilan Hukumatning 61 ta qaroriga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilmoqda. Mazkur o`rgartirish va qo`shimchalar orasida Markaziy bank tomonidan banklarda o`tkaziladigan tekshiruvlarning aniq asoslarini belgilash nazarda tutilgan.
Davra suhbati davomida mazkur loyihalar bo`yicha BMT Tarraqiyot dasturi loyihasi hamda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo`yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi vakillari o`z fikrlarini bildirib o`tdi.
Adliya vazirligi tomonidan “korrupsiyadan xoli qonunchilik”ni yaratish maqsadida 2026 yilga qadar amaldagi 21 mingga yaqin qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazilishi ta`kidlandi.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi






