Prezident Shavkat Mirziyoev Buxoro viloyatida sanoatni rivojlantirish va energiya ta`minotini yaxshilash masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi.
Yig`ilish avvalida 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo`ldi. Ular - G`ijduvon tumanidagi “G`ijduvon ipak tola”, Buxoro shahridagi “Layxter Kamalak Tekstaylen”, Jondor tumanidagi “Arjumandbonu chorvasi”, G`ijduvon tumanidagi “Usmon Sher Shamshod”, Romitan tumanidagi “VBM Romiteks” korxonalari va Buxoro shahridagi to`rt yulduzli mehmonxonadir. Ipakchilik, to`qimachilik, parrandachilik, meva-sabzavotni qayta ishlash va turizm tarmoqlariga ixtisoslashgan bu majmualarda 3 ming 500 ta yangi ish o`rni ochilmoqda. Umuman, bularning natijasida viloyat ishlab chiqarishiga 850 milliard so`m qo`shiladi.
Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni rasman ishga tushirdi. Videoaloqa orqali ularning rahbarlari bilan muloqot qildi.






