So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda go`yoki bola o`g`rilari paydo bo`lganligi haqidagi xabarlar tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Ushbu holatga Toshkent shahar IIBB axborot multimedia markazi boshlig`i Nilufar Isaxanova rasmiy ma`lumot berdi.
"Joriy yilning shu davriga qadar poytaxtda go`yoki bola o`g`irlangani yoki bola o`g`irlanishiga qasd qilingani haqidagi 6 ta xabar tarqaldi. Har bir tarqalgan xabar Toshkent shahar IIBB tomonidan o`rganilgan, lekin birorta ham xabar o`z tasdig`ini topmagan.
Toshkent shahri hududida so`nggi 5 yil davomida birorta ham bola o`g`irlanishi holati sodir bo`lmagan. Voyaga etmaganlar bedarak ketgan holatlar bo`lgan, lekin barcha voyaga etmaganlar topilgan va oilasiga qaytarilgan.
Tahlillarga ko`ra, voyaga etmaganlar aksariyat hollarda oila a`zolari bilan o`zaro kelisha olmaganligi, ulardan xafa bo`lganligi yoki turli taz`yiqlarga uchragan holatlarda o`z xohishi bilan uyidan chiqib ketadi. Kichik yoshdagi bolalar esa uyidan adashib qolgan holatlarda yo`qolganligi aniqlangan. Ularning barchasi qisqa muddat ichida topilib, sog`-salomat holatda oilasiga qaytarilgan", — dedi Nilufar Isaxanova.
2022 yil davomida 231 nafar voyaga etmaganlar bedarak ketgan sifatida ro`yxatga olingan bo`lib, ularning yosh bo`yicha tahlili quyidagicha:
10 yoshgacha 32 nafar,
10 yoshdan 14 yoshgacha 32 nafar,
14 yoshdan 18 yoshgacha 167 nafar.
Ularning barchasi sog`-salomat holatda topilgan va oilasiga qaytarilgan, deya ta`kidladi mas`ul o`z ma`lumotida.






