Tabiat resurslari vaziri A. Abduhakimov Italiyaning Rim shahrida atrof-muhit va suv resurslari bo`yicha o`tkazilayotgan “Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajadagi 7-konferensiyasi doirasida Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakili T.Hakala bilan uchrashuv o`tkazdi.
Joriy yilda “O`zbekiston - Evropa Ittifoqi” va “Evropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” yo`nalishida bir qator sohalarda o`tkazilishi rejalashtirilayotgan muhim uchrashuv va tadbirlarda ekologiya va atrof-muhit sohasiga ham alohida e`tibor qaratilishi ko`zda tutilgani, shuningdek, Orol dengizining qurishi muammosiga qarshi kurashishda ko`mak berishda davom etilishini qayd etdi.
O`zbekiston tomonining ekologiya sohasida mutaxassislar tayyorlash uchun Toshkent shahrida Mintaqaviy universitetni tashkil etish tashabbusini yuqori baholadi.
Evropa tomoni O`zbekistonning 2030 yilgacha metan chiqindilarini 30 foizga kamaytirishga qaratilgan Global metan majburiyatiga qo`shilish borasidagi harakatlarini ham yuqori baholab, O`zbekistonga bu yo`nalishda texnik yordam ko`rsatilishini ham ma`lum qildi.
T. Hakala 2024 yilda Evropa Ittifoqi 2021-2024 yillarga mo`ljallangan byudjet sikli doirasida ajratilgan moliyaviy va texnik yordam mablag`larini rivojlantirish bo`yicha global tahlil o`tkazish niyatida ekanligini bildirdi.
Shuningdek, T. Hakala O`zbekistonning iqlim o`zgarishi, biologik xilma-xillikni saqlash va shahar atrofidagi resurslar, xususan, suv va er resurslarini boshqarish bilan bog`liq masalalarni bartaraf qilishdagi mintaqaviy yondashuvini e`tirof etdi.
Uchrashuv yakunida Tabiat resusrlari vaziri A. Abduxakimov Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakili T. Hakalani joriy yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida bo`lib o`tishi rejalashtirilgan BMT Cho`llanishga qarshi kurashish konvensiyasi bajarilishini ko`rib chiqish qo`mitasining 21-yig`ilishi hamda BMT Yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish to`g`risidagi konvensiyasining 14-tomonlar konferensiyasi (SMS SOP-14)da ishtirok etishga taklif qildi.






