Adliya vazirligi OAV va blogerlarni shaxsiy ehtiyojlar va jamiyat ehtiyojlari o`rtasidagi muvozanatning saqlanishini ta`minlashga chaqirdi
Ma`lum qilinishicha, so`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ochiqdan ochiq yoki turli yashirin shaxsiy sahifalar, guruhlar orqali shaxsning qadr-qimmatini kamsitish orqali haqorat qilish va uni sharmanda qilishga qaratilgan holatlar ko`payib bormoqda.
Jumladan, tuhmat qilganligi uchun 2018–2022 yillarda 11 574 nafar shaxs ma`muriy javobgarlikka tortilgan. Ayni shu davrda OAV yoki internet orqali ushbu jinoyatni sodir etgan 28 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
OAV va internet tarmog`i orqali haqorat qilish bilan jinoyatini sodir etganligi uchun 2020 yilda 16, 2021 yilda 31, 2022 yilda 58 nafar shaxslar sud tomonidan aybdor deb topilib, tegishli javobgarlikka tortilgan.
Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro`sizlantirilishiga olib keladigan yolg`on axborotni tarqatganlik uchun 2021-2022 yillarda 159 kishi ma`muriy javobgarlikka tortilgan.
Raqamlardan ko`rinib turibdiki, axborot maydonida tuhmat, haqorat, shaxs qadr-kimmatini kamsitish kabi jinoyatlarga qarshi kurash bugun paydo bo`lib qolmagan, balki so`z erkinligini ta`minlash bilan parallel ravishda muntazam kechayotgan jarayondir.
Adliya vazirligi mazkur holatlarning amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanganligini yana bir bor eslatdi.
Adliya vazirligi barcha fuqarolarimizni, shu jumladan ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy faol shaxslar, blogerlarni jamiyatdagi muammolarni faqat huquqiy vositalar asosida hal qilish hamda shaxsiy ehtiyojlar va jamiyat ehtiyojlari o`rtasidagi muvozanatning saqlanishini ta`minlashga chaqiradi, deyiladi xabarda.






