Qoraqalpog`iston Respublikasining To`rtko`l tumanida kanalda suv bosimi ortishi oqibatida uylarni suv bosgani xabar bergandik.
Holat yuzasidan Qoraqalpog`iston Respublikasi bosh prokuraturasi rasmiy ma`lumot berdi:
"Joriy yilning 24 fevral kuni tungi soat 03:00 larda To`rtko`l tumani, «Kaltaminor» OFY hududidan o`tuvchi «Kaltaminor-1» kanalining o`ng qirg`og`ida suvning ko`tarilishi hisobiga kengligi 5 m, chuqurligi 1,78 m bo`lgan suv toshib chiqishi hodisasi sodir bo`lgan.
Toshqin natijasida shu hududda yashovchi 7 nafar fuqaroning yashash uyi va yordamchi xo`jalik inshootlariga zarar etgan. Suv toshqini jarayonida jarohatlangan fuqarolar bo`lmagan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan shu kuni soat 07:00 ga qadar suv toshqini bartaraf etilib, to`planib qolgan suvdan hovli er maydonlari tozalangan.
Shu kunning o`zida hodisa joyiga Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengashi, Vazirlar Kengashi hamda respublika prokuraturasi mas`ullari etib borib, vaziyat joyida o`rganilib, suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha hududiy sektor rahbarlari hamda boshqa mas`ullarga tegishli topshiriqlar berilgan.
Mazkur holat yuzasidan shu kunning o`zida To`rtko`l tuman prokuraturasi tomonidan «Paxta Arna Nayman» irrigasiya tarmoqlari boshqarmasi va To`rtko`l tuman Irrigasiya bo`limi mansabdor shaxslari hamda boshqalarga nisbatan JKning 203, 207 va 229-moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Jinoyat ishi doirasida fuqarolarga etkazilgan zararni aniqlash yuzasidan ekspertiza tayinlangan.
Hozirda hodisa yuz berishiga sababchi bo`lgan aybdorlarni aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda, natijasiga ko`ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi".






