Prezident Shavkat Mirziyoev 27 fevral kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan yig`ilish o`tkazdi.
So`nggi yillarda energetika butun dunyoda dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Shu bois salohiyatli davlatlar uning muqobil yo`llarini izlamoqda. Bugun jahon energetikasida “yashil energetika” ulushi qariyb 30 foizga etgan, ayrim Evropa davlatlarida 80-90 foizdan oshgan.
O`zbekistonda ham bu borada faol ish olib borilmoqda. So`nggi uch yilda energetika sohasiga 8 milliard dollarlik to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar jalb qilindi. Xususan, Navoiy va Samarqand viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu yil 18 ta shunday stansiyalar barpo etilmoqda. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga ko`payadi.
Umuman, energetika masalasi davlatimiz rahbarining doimiy e`tibori va nazoratida. Bu sohada ko`plab loyihalar, hududlarga tashriflar chog`ida aniq vazifalar belgilanmoqda.
O`zbekiston Prezidentining shu yil 16 fevraldagi qarori bilan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish bo`yicha katta dastur qabul qilindi. Jumladan, “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etilib, unga dastlabki 10 million dollar yo`naltirildi.
Mazkur dasturga ko`ra, joriy yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1 ming 700 Megavatt quvvatli quyosh panellari o`rnatish ko`zda tutilgan.
Yig`ilishda mutasaddilar shu boradagi ishlarning tashkiliy va moliyaviy jihatlari yuzasidan axborot berdi.
Xususan, ijtimoiy soha ob`ektlari va davlat idoralarida 220 Megavatt, tadbirkorlar tomonidan 1 ming 300 Megavatt va yangi qurilayotgan ko`p qavatli uylar tomida 15 Megavatt quvvatga ega quyosh panellari o`rnatilishi aytildi. Bu borada Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg`ona, Navoiy va Samarqandda faol ish boshlagan. Davlatimiz rahbari joylarda ishlarni to`g`ri tashkil etish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Yig`ilishda energetikaning boshqa tarmoqlarida ko`rilishi lozim bo`lgan chora-tadbirlar, jumladan, aholini tabiiy gaz bilan barqaror ta`minlash, gaz sarfi yuqori bo`lgan ishlab chiqarish quvvatlarini ko`mirga o`tkazish, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, mavjud uglevodorod xomashyosi konlarini rivojlantirish va yangilarini o`zlashtirish masalalari ham ko`rib chiqildi.