Bugun, 27 fevral kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva AQShning O`zbekistondagi yangi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jonatan Xenikni qabul qildi. Bu haqda Senat rasmiy saytida xabar berildi.
Muloqot avvalida Senat Raisi elchini yuksak va mas`uliyatli vazifaga tayinlangani munosabati bilan samimiy qutladi.
Uchrashuv chog`ida O`zbekiston – AQSh hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari, jumladan, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish masalalariga e`tibor qaratildi.
Jumladan, Senat Raisi parlamentlararo aloqalar ikki mamlakat o`rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlashning muhim mexanizmlaridan biriga aylanishi lozimligini ta`kidlab o`tdi. Shuningdek, strategik hamkorlikni hozirgi bosqichi parlament miqyosidagi yaqin aloqalarni ham aks ettirishi zarurligi, o`zaro munosabatlarni yanada yuqori bosqichga ko`tarishda muloqotlar izchilligini ta`minlash muhimligini alohida qayd etdi.
Suhbat davomida ikki mamlakat parlamentlari o`rtasidagi aloqalarni kengaytirishda AQSh Kongressining Vakillar palatasida shakllantirilgan “O`zbekiston bo`yicha Kokus” (do`stlik guruhi)Ning o`rni va faoliyati samaradorligi ta`kidlab o`tildi.
O`z navbatida, elchi Jonatan Xenik samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, 26 yil avval O`zbekistonda bo`lgani, o`tgan vaqt ichida mamlakatda barcha sohalarda juda katta ijobiy o`zgarishlarning guvohi bo`lganini aytib o`tdi. Jumladan, O`zbekistonda inson huquqlarini ta`minlash, mehnat munosabatlari, gender tengligi masalalarida erishilgan natijalarni yuqori baholab, ayniqsa, bolalar mehnati va majburiy mehnatga to`liq barham berish borasida O`zbekistonning tajribasini butun jahonga namuna sifatida ko`rsatish mumkinligini va bu borada boshqa davlatlar o`zbek tajribasini o`rganishi zarurligini alohida ta`kidladi.
Uchrashuvda, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni faol rivojlantirish, bu jarayonni faollashtirishda O`zbekiston va AQShning turli sohalari vakillarining o`zaro tashriflarini amalga oshirish, bunday yondashuv ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muloqot davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, jumladan ayollar tadbirkorligi hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, gender tenglikni ta`minlash borasida fikr almashildi.