Joriy yilning fevral oyida professional diniy ma`lumotga ega bo`lmagan holda o`zboshimchalik bilan shaxsiy diniy tushunchalarini boshqalarga pul evaziga sotishni kasb qilib olgan fuqarolarning noqonuniy faoliyatiga chek qo`yilgan, deya xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.
Unga ko`ra, Sergeli tumani IIO FMB tomonidan Toshkent shahri, Sergeli tumani, «Yangi Sergeli» mahallasida joylashgan "Yasin Academy" nomli o`quv markazida arab tilini o`rgatish bahonasida fuqarolarga noqonuniy ravishda diniy ta`lim berish holati aniqlangan.
O`quv markazi rahbari fuqaro A.N. arab tilini o`qitishga tegishli ruxsatga ega bo`lmasdan, mehnat qonunchiligiga zid ravishda hech qanday shartnoma, buyruqlarsiz o`zaro og`zaki kelishuv asosida fuqarolar N.Sh. va Sh.I.larni jalb qilib, 5 nafar voyaga etmagan maktab o`quvchilariga moddiy manfaatdorlik evaziga o`z shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda noqonuniy diniy ta`lim bergan.
Mirobod tumanida fuqaro A.L. Telegram'da "Tanishlarim" nomli virtual guruh tashkil qilib, hech qanday diniy bilimga ega bo`lmay turib, 3 nafar fuqarolarga moddiy manfaatdorlik evaziga onlayn tarzda noqonuniy diniy ta`lim berib kelganligi aniqlangan.
Shayxontohur tumani, «Bo`ston» mahallasida ijarada yashovchi fuqaro K.K. va uning turmush o`rtog`i X.M.lar yashash manzilida moddiy manfaatdorlik evaziga 4 nafar voyaga etmagan shaxslarga noqonuniy diniy ta`lim berganligi ma`lum bo`lgan.
MjtKning 241-moddasiga asosan (diniy ta`limotdan saboq berish tartibini buzish) fuqarolar A.N.ga nisbatan BHMning 10 barobari miqdorida, Sh.I., K.K. va X.M.ga – 5 barobar, N.Sh.ga – 3 barobar, A.L.ga – 1 barobar miqdorda jarima jazosi tayinlangan.






