28 fevral kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi.
Majlisda Senatning o`ttiz ettinchi yalpi majlisini 2023 yilning 2 mart kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.
Qayd etilishicha, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o`tkaziladigan mazkur yalpi majlisda bir qator qonunlar va masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Xususan:
— “Raqobat to`g`risida”gi, “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to`sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga qo`shimchalar kiritish haqida”gi,
— “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to`sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish haqida”gi,
— “Davlat boji to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga qo`shimcha kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi, “Moliyaviy iste`mol krediti berish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan “Iste`mol krediti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga o`zgartish kiritish haqida”gi, “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha choralar ko`rilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi hamda “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi qonunlar muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, senatorlar Senatning 2022 yildagi faoliyati va 2023 yilga mo`ljallangan ustuvor vazifalari borasidagi masalani ko`rib chiqadi hamda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi milliy markazi direktorining O`zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi holati haqidagi axborotini eshitadi.
Bundan tashqari, yalpi majlisda Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash ham nazarda tutilgan.






