Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo`shinlari va Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari hamkorligida o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Tojikiston Respublikasidan mamlakatimizga kontrabanda yo`li bilan o`tkazilgan 4 kg 810 gr «opiy» va 42 kg 892 gr «gashish» moddalari to`xtatib qolindi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, Marg`ilon shahrida yashovchi, 1986 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog`liq jinoyati uchun sudlanib, jazo muddatini o`tagan shaxs Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 y.t. tanishi bilan birga Beshariq tumanidagi chegara nazorat o`tkazish punkti orqali Tojikiston Respublikasining So`g`d viloyati Zafarobod tumaniga borgan.
U erda mahalliy narkosavdogar bilan uchrashib, yuqorida keltirilgan ajal og`usini 10 ming AQSh dollari evaziga Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hududiga o`tkazib berishga kelishgan. Lekin, kurerlar narkotik moddalarni davlat chegarasidan o`tkazgan vaqtlarida qo`lga olindi.
Avval xabar berilganidek, yashash xonadonida 7 kg 331 gr «opiy» moddasini kelgusida sotish maqsadida saqlab kelgan, Urgut tumanida istiqomat qiluvchi, 1992 y.t. fuqaroga nisbatan DXX Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi tomonidan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida uning ko`rsatmasi asosida qarindoshining uyidan 6 kg 403 gr «opiy» moddasi qo`shimcha ashyoviy dalil sifatida olindi. Ta`kidlash lozimki, ushbu narkotik moddalar ham Tojikiston Respublikasidan olib kelingan.
DXX Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda Yuqorichirchiq tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyatining Baliqchi tumanida yashovchi, 1963 va 1968 yillarda tug`ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog`liq jinoyatlari uchun sudlanib, jazo muddatini o`tagan 2 nafar fuqaro 1 kg 399 gr «gashish» moddasini 15 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtlarida ushlandi. Bu holatda narkotik modda Qirg`iz Respublikasidan olib kelingan.
DXX Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, 1979, 1984, 1987 yillarda tug`ilgan, muqaddam sudlangan 3 nafar shaxs qo`lga olindi. Ularning yonlari va xonadonlari ko`zdan kechirilganda Qirg`iz Respublikasidan keltirilgan jami 546 gr «gashish» moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






