Joriy yil 28 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.
Majlisda bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Jumladan, "O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga O`zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo`riqlash va himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish haqida"gi qonun loyihasi ko`rib chiqilib, qabul qilindi.
Shundan so`ng, "Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida"gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
"Mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institusional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish, xotin-qizlar va voyaga etmagan bolalarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda", — dedi qonun loyihasi bo`yicha ma`ruza qilgan adliya vaziri o`rinbosari Alisher Karimov.
Shunga qaramay, xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida huquqni qo`llash amaliyotida ko`plab muammolar yuzaga kelmoqda. Xususan, xotin-qizlar va bolalarning huquqlariga daxl qiluvchi jinoiy qilmishlar uchun mutanosib sanksiyalar belgilanmagan, shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha`ni va nomusini kamsituvchi ma`lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan. Ayollarni ish va o`qish joyida tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish bo`yicha kafolat ham qonunchilikda mavjud emas.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan o`n sakkiz yoshga to`lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish yoki unga nisbatan zo`rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirgan yoxud uni jinsiy aloqa qilishga majbur etgan yoki fohishalikka jalb qilgan, voyaga etmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlagan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, ayolni o`z homilasini sun`iy ravishda tushirishga majburlash, nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirish, shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish, o`n olti yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, o`n olti yoshga to`lmaganga nisbatan uyasiz-buzuq harakatlar qilish jinoyatlari uchun jazo choralari og`irlashtirilmoqda.
Shuningdek, shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha`ni va nomusini kamsituvchi ma`lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Bu kabi jinoyatlarga belgilangan jazoni engilrog`iga almashtirish yoki muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish kabi insonparvarlik aktlari qo`llanilmasligi belgilanmoqda. O`n olti yoshga to`lmagan, jumladan 14 yoshgacha bo`lgan bolalarga zo`ravonlik uchun, shuningdek, takroran shunday jinoyat sodir etganlarga 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi taklif etilmoqda. Amalda esa 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash jazolari belgilanar edi.
Majlisda qonun loyihasi qizg`in muhokama qilinib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.






