Bahor va tabiat uyg`onishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi bo`lgan Navro`zi olamni baland ruh va katta shodiyona bilan nishonlash azal-azaldan el-yurtimiz uchun go`zal an`ana hisoblanadi.
Xalqimizning ko`p asrlik ezgu qadriyatlarini, uning orzu-intilishlarini o`zida mujassam etgan ushbu qutlug` ayyom mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarga mansub barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga aylandi.
Navro`zi olamning ruhi va falsafasida mujassam bo`lgan yaxshilik va bag`rikenglik, ahillik va hamjihatlik, atrof-muhitni ko`z qorachig`idek asrab-avaylash kabi olijanob g`oyalar Yangi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan tarixiy o`zgarishlarning maqsad va mazmuniga to`la hamohangdir.
Hozirgi kunda jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, do`stlik va birodarlik tuyg`ularini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz qalbi va ongida Vatanimizning buguni va kelajagiga daxldorlik tuyg`usini kuchaytirishda Navro`z bayramining ahamiyati tobora ortib bormoqda.
El-yurtimiz yasharish va yangilanish, mehr-oqibat fasli sifatida e`zozlaydigan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram deb e`tirof etilgan Navro`zning ma`naviy hayotimizdagi ulkan o`rni va ta`sirini inobatga olib, ushbu ayyomni milliy qadriyat va urf-odatlarimizga uyg`un tarzda, har tomonlama munosib darajada nishonlash maqsadida:
1. 2023 yilgi Navro`z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Har kuning Navro`z bo`lsin, jonajon O`zbekistonim!” degan bosh g`oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko`tarinki ruh va yuksak saviyada nishonlansin.
2. Quyidagilar:
2023 yilgi Navro`z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha tashkiliy qo`mita tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
2023 yilgi Navro`z umumxalq bayramini nishonlash bo`yicha “yo`l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qo`mita 2023 yilgi Navro`z umumxalq bayramini nishonlash bo`yicha “yo`l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi hamda ushbu ayyomning Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanishini ta`minlasin.
3. Bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko`rish va ularni o`tkazishda quyidagi masalalarga alohida e`tibor qaratilsin:
Navro`z ayyomiga xos yangilanish va bunyodkorlik ruhini, ona zaminga mehr va e`tibor, inson va tabiat o`rtasidagi uyg`unlikni ifoda etadigan, kishilarni bugungi tinch va farovon hayotni qadrlab, atrof-muhit hamda uning ne`matlarini asrab-avaylashga, ezgu orzu-maqsadlar bilan yashashga undaydigan ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarni tashkil etish;
mamlakatimizda Yangi O`zbekistonni barpo etish va inson qadrini ulug`lash maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar, xalqimizning hayoti, dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy o`zgarishlarni Navro`zning azaliy qadriyat va an`analari bilan muvofiq tarzda, ta`sirchan badiiy vositalar orqali aks ettirish;
obodlik va farovonlik ramzi bo`lmish Navro`z bayrami arafasida barcha shahar va qishloqlarda, ovul va mahallalarda umumxalq hasharlari, keng qamrovli obodonchilik va ko`kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;
xalqimizga xos bo`lgan mehr-muruvvat fazilatlarini davom ettirib, muhtaram nuroniylarimizni har tomonlama e`zozlash, “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashayotgan kishilarga, yordam va ko`makka muhtoj fuqarolarga beg`araz yordam berish bilan bog`liq xayriya tadbirlarini o`tkazish;
yurtimizda millatlararo do`stlik va fuqarolararo totuvlik muhitini mustahkamlash, shu maqsadda amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijalarini, O`zbekiston fuqarosi bo`lgan turli millat va elatlar vakillari tomonidan Navro`z umumxalq bayramini nishonlashga oid tadbirlarni tashkil etish va keng yoritish;
joylarda bo`lib o`tadigan sayillarga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar va baxshilar, shuningdek, iste`dodli an`anaviy ijrochilar va estrada artistlarini jalb etish;
Navro`z sayillarining dasturlarini tayyorlashda qadimiy urf-odatlarimiz va xalq o`yinlari, madaniy merosimizning yorqin namunalari bo`lgan kuy va qo`shiqlar, o`lan va laparlarga keng o`rin berish;
bayram tadbirlari doirasida hunarmandchilik ko`rgazmalari, milliy sport turlari bo`yicha musobaqalar uyushtirish, kitob rastalari, ko`chma savdo do`konlarini tashkil qilish, ko`klam taomlarini tayyorlash va ularning savdosini yo`lga qo`yish;
ommaviy axborot vositalarida Navro`zning tarixi va mohiyatini, hududlarda, shuningdek, chet ellardagi vatandoshlarimiz davralarida bayramni nishonlash bo`yicha shakllangan urf-odat va an`analarni keng yoritish.
4. Madaniyat va turizm vazirligi (O.A.Nazarbekov):
Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi (M.M.Hojimatov), Yozuvchilar uyushmasi (S.S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Navro`z bayramiga bag`ishlab o`tkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin;
mazkur konsert tomoshasini tajribali ssenarist va rejissyorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste`dodli yosh ijrochilar, folklor san`ati vakillarini jalb etgan holda yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini ko`rsin.
5. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bir hafta muddatda Navro`z umumxalq sayillariga har tomonlama munosib tayyorgarlik ko`rish va ularni yuqori saviyada o`tkazish bo`yicha hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Belgilab qo`yilsinki, o`tkaziladigan bayram tadbirlari bilan bog`liq xarajatlar:
Toshkent shahrida – respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag`lari hisobidan teng ulushlarda;
Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlar hamda joylardagi homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.
7. O`zbekiston Milliy axborot agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro`z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q.Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYoEV
Toshkent shahri,
2023 yil 1 mart






