AsosiyJamiyat

Uy-joyli bo`lish huquqini tortib olish mumkinmi?

'Uy-joyli bo`lish huquqini tortib olish mumkinmi?'ning rasmi

O`tgan bir necha yil davomida “uy-joyni buzish”, “snos” degan gapni eshitmagan vatandoshimiz qolmagan bo`lsa kerak. Ayrim vatandoshlarimiz uchun bu so`zlar “adolatsizlik” so`zining sinonimiga aylangan.

Ushbu masala jiddiy bo`lganligi sababli, Prezidentning 2021 yildagi inaugurasiya ma`ruzasida ham alohida ko`tarilib, shaxsiy mulkka bo`lgan huquq uchun sud himoyasini ko`chaytirish zarurligi ta`kidlangandi.

Darhaqiqat, “uy-joyli bo`lish huquqi” xalqaro umume`tirof etilgan hujjatlarda insonning ajralmas huquqlarining biri sifatida tan olingan. Bu huquq o`z ichiga quyidagi huquq va erkinliklarni jamlagan. Xususan:

- birinchidan, majburiy qo`chirilish, uy-joyni buzishdan himoyalash;

- ikkinchidan, uy-joyni boshqa shaxsning tajovuzidan, shaxsiy hayot va oilaviy sirlarning daxlsizligini ta`minlash;

- uchinchidan, yashash joyni erkin tanlash, erkin harakatlanish va turar joyni erkin tanlash.

Shuningdek, mulk huquqining daxlsizligini himoya qilish, uy-joy, er va mulkning restitusiyasiyasi, ya`ni oldindan va teng qiymatda qoplab berish, tiklab berish yoki qaytarib berish hamda ushbu masalalar yuzasidan qarorlarni qabul qilish jarayonida mulk egasining shaxsan ishtirokini ta`minlashdan iborat.

Shu bois, Konstitusiyamizga “Har kim uy-joyli bo`lish huquqiga ega. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga nomuvofiq holda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u ko`rgan zararlarning o`rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta`minlanadi” degan norma kiritish maqsadga muvofiq.

Shu bilan birga, davlat aholini arzon uy-joy bilan ta`minlash maqsadida ushbu sohada davlat uy-joy siyosati va konsepsiyalarini qabul qiladi. Ijtimoiy davlat tamoyilining muhim belgisi ham aynan boquvchisini yo`qotgan ayol va bolalar, qarilar, nogironligi bor bo`lgan shaxslar hisoblangan aholining zaif qatlamini uy-joyga ega bo`lish imkoniyatini kengaytirish hisoblanadi.

Xalqaro hujjatlarda “etarli darajadagi uy-joy bilan ta`minlash” huquqi” insonning ajralmas huquqlari sifatida tan olingan.

Etarli darajada uy-joy bilan ta`minlash – bu nafaqat to`rtda devor va tom nazarda tutiladi. Avvalombor, uy-joyning etarli darjada bo`lishi uchun qator shartlarga javob berish kerak. Xususan,

Birinchidan, kafolatlangan unga darajada egalik qilish, ya`ni majburiy tarzda ko`chirish, ta`qib qilish va boshqa tahdidlardan huquqiy himoya qilinishi lozim;

Ikkinchidan, insonning yashashi uchun qulay sharoitga ega bo`lish, ya`ni tovar va xizmatlar, qulaylimklar va infratuzilmalardan erkin foydalanish;

Uchinchidan, arzon bo`lishi, ya`ni uning narhi insonning boshqa huquqlarini amalga oshirish uchun imkoniyatlardan uzilmasligi lozim;

To`rtinchidan, unda yashash uchun qulayliklarga ega bo`lish kerak, ya`ni qattiq sovuq, judayam issiq, shamol va sog`liq uchun zara bo`lgan boshqa tashqi omillardan himoyalangan bo`lish kerak;

Beshinchidan, joylashuvi qulay bo`lishi kerak, ya`ni uy-joy mehnat qilish, tibbiyiy xizmatlardan foydalanish, ta`lim va boshqa ijtimoiy ob`ektlardan uzilib qolmasligi lozim.

Shu bois, Konstitusiyada “Davlat uy-joy qurilishini rag`batlantiradi va uy-joyga bo`lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi” kabi qoidani kiritish maqsadga muvofiq.

Umuman olganda, taklif etilayotgan normalarning Konstitusiyaga kiritilishi bir necha yillardan buyon jamiyatimizda o`tkir muammolardan biriga aylangan “snos” bilan bog`liq muammoga nisbatan xalqparvar, mulkdorlar manfaatini himoya qiluvchi oqilona echim ekanligini tasdiqlaydi. Shuningdek, aholi uchun uy-joy qurilishini rag`batlantirish, ayniqsa ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta`minlash Konstitusiyaviy darajada mustahkamlash maqsadga muvofiqdir.

Saxipjamal Djoldasova, ekspert, yuridik fanlari doktori, dosent

    Boshqa yangiliklar