AsosiyJamiyat

Mart oyi iliq va yomg`irli o`tishi prognoz qilindi

'Mart oyi iliq va yomg`irli o`tishi prognoz qilindi'ning rasmi

"O`zgidromet" mart oyida qanday ob-havo kuzatilishi bo`yicha ma`lumot berdi.

Respublikada mart oyi yog`ingarchilik miqdori va bunday sharoit kuzatiladigan kunlar soni bo`yicha yil davomida eng ko`p yog`ingarchilik bo`ladigan oy hisoblanadi. Shimoliy hududlarni va cho`l zonasini hisobga olmaganda, mart oyida o`rtacha 10 kundan 15 kungacha yog`inli kunlar kuzatiladi.

Xususan, 2023 yil mart oyi juda iliq ob-havo bilan boshlanadi. Oyning birinchi o`n kunligida harorat kunduz kunlari +17…+22 darajagacha, ayrim kunlarda +24…+27 darajagacha, janubda va cho`l hududlarda +29 darajagacha ko`tariladi.

5−6 mart kunlari va o`n kunlik oxirida respublika bo`yicha ba`zi joylarda yomg`ir yog`adi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Yomg`ir paytida kunduzgi havo harorati biroz pasayadi, bunday holatga qaramay, mart oyining birinchi o`n kunligi me`yorga nisbatan iliqroq bo`ladi.

Mart oyining ikkinchi va uchinchi o`n kunliklarida harorat kechalari +7…+12 darajadan 0…+5 darajagacha (ba`zi joylarda -2 darajagacha bo`lishi mumkin), kunduz kunlari +20…+25 darajadan +10…+15 darajagacha o`zgarib turishi kutilmoqda.

Ikkinchi va uchinchi o`n kunliklarning ayrim kunlarida (har bir o`n kunlikda 1−3 kundan) asosan yomg`ir ko`rinishidagi yog`ingarchilik bo`lishi mumkin.

Ma`lumot uchun, so`nggi 50 yil ichida 1972 yilning mart oyi eng sovuq bo`lgan, hatto mart oyining uchinchi o`n kunligida ham harorat kechalari −10…−15 darajagacha pasaygan. So`nggi yillar O`zbekistonda mart oyida asosan iliq ob-havo kuzatilmoqda.

2008, 2016, 2018 yillarning mart oylari barcha kuzatuv yillari uchun eng iliq uchlikka kirgan. Eng issiq kunlarda harorat +30…+32 darajagacha, janubda ba`zi joylarda +35…+37 darajagacha ko`tarilgan.

Ta`kidlanishicha, 2022 yilning mart oyi yoqqan yog`ingarchilik miqdori bo`yicha etakchi bo`lgan. Mamlakatning shimoli va janubidan tashqari, hududning katta qismida yog`ingarchilik me`yordan 2−3 marta, ba`zi joylarda 3,5−4,5 marta ko`p bo`lgan. Toshkentda bir oy ichida 188 mm yog`ingarchilik bo`lgan. Bu deyarli uch oylik me`yorni tashkil etadi va poytaxtda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun oylik yog`ingarchilik miqdori rekordidir.

So`nggi 25 yil ichida 1998 yilning mart oyida eng ko`p qor yoqqan, bunda Toshkent shahrida qor qoplami 9 kun davomida kuzatilgan, uning maksimal balandligi 22 santimetrni tashkil etgan.

    Boshqa yangiliklar